• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Qizilqum fosforit majmuasi taraqqiyot yo‘lida

12 Fevral 2022, 13:37 1112

Fosforit konsentratlari ishlab chiqaradigan zamonaviy yirik kon boyitish korxonasi bo‘lgan Qizilqum fosforit majmuasi so‘nggi yillarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibida faoliyat yuritgan holda kombinat sanoat salohiyatining yuksalishida o‘zining munosib ulushini qo‘shib kelmoqda.

Hozirgi kunga kelib mazkur majmuada boyitilmagan fosforit uni, kuydirilgan fosforit konsentrati va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

1997-yilda Markaziy Qizilqumdagi Jeroy Sardara fosforit koni negizida asos solingan ushbu majmuada o‘sha yilning o‘zidayoq Toshkura konida fosforit rudalari qazib olish ishlari boshlanadi. Keyinchalik majmuaning yillik loyiha quvvati 300 ming tonna 16-18 foizli R205 (boyitilmagan fosforituni ) bo‘lgan birinchi navli mahsulot ishlab chiqarila boshlangan bo‘lsa, natijada respublika korxonalarida oddiy ammoniylashgan superfosfat va ammofos ishlab chiqarish uchun chetdan fosforit xom ashyosini sotib olish to‘xtatiladi. 1998-2001 yillarda esa “quruq” va “ho‘llangan” usullarda fosforitni boyitishning kombinatsiyalashgan texnologiyasi ishlab chiqiladi va tarkibida 26-28 foizli R205 bo‘lgan kuydirilgan fosforit konsentrati ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Oradan bir yil o‘tib, tarkibida 12-15 foizli fosforit ikki oksidi bo‘lgan kambag‘al fosforitlardan organik mineral o‘g‘itlar(superfosfat va azotsuperfosfat) ishlab chiqarishning soddalashtirilgan texnologiyasi yaratiladi hamda Respublika kimyo sanoati korxonalarida joriy etila boshlaydi.

Shuni alohida aytib o‘tish joizki, Qizilqum fosforit kompleksi O‘zbekistondagi fosforit konsentrati va fosforit uni ishlab chiqaruvchi yagona korxonadir. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-martdagi Qaroriga muvofiq, Qizilqum fosforit majmuasi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tarkibiy bo‘linma sifatida kiritilgandan so‘ng, majmuaning ishlab chiqarish quvvatini oshirish maqsadida nam usulda yanchuvchi temir g‘o‘lali tegirmon yuvish bo‘limining texnologik zanjiriga tatbiq qilinib, ishga tushirildi.

Yuklovchi va yuk tashuvchi mexanizmlarning ishlash sharoitining yomonligi tufayli, ya'ni temir g‘o‘lali tegirmon ishga tushmasdan oldin yuvish bo‘limidan tasmali konveyr orqali chiqayotgan +0,5 mm sinfdagi, namlik darajasi - 30% gacha va sutkalik miqdori - 400 tonna bo‘lgan mahsulot frontal yuklovchi transport orqali yuk tashuvchi mashinalarga yuklanib, oraliq omborlarga joylashtirilar edi. Buning natijasida texnikalarning yurituvchi qismi ishdan chiqishiga, oqibatida esa texnologik jarayonda texnika yetishmasligiga olib kelar edi.

Temir g‘o‘lali tegirmon ishga tushgandan so‘ng, yuqorida keltirilgan ishlarni bajarishga ehtiyoj qolmadi, bundan tashqari, yuklovchi va yuk tashuvchi texnikalar boshqa ishlarni bajarishga jalb qilindi.

Shuningdek, mahsulotlar oraliq omborlardan frontal yuklovchi transport orqali yuk tashuvchi mashinalarga yuklanib keyingi jarayonga, ya'ni maydalab yanchish bo‘limiga uzatilib, dastlab quritish pechlarida quritilgan holda so‘ng quruq usulda sharli tegirmonda yanchilar edi. Sharli tegirmonda yanchilib, kuydirish qurilmasida yuvib kuydirilgan mahsulot fosforit konsentrati ishlab chiqarish uchun ishlatilardi. Mahsulotning sharli tegirmonda o‘ta darajada yanchilishi oqibatida kuydirish qurilmasiga o‘rnatilgan texnologik gazlarni changdan tozalovchi jihozlar, qolaversa, texnologik gaz hajmida chang miqdorining ko‘payishi oqibatida tozalash samaradorligi tushib, sifatsiz ishlash natijasida atmosfera havosiga chiqayotgan chang miqdorining ko‘payishiga va buning oqibatida majmuada ishlayotgan ishchi-xodimlarning ishlash sharoitlarining og‘irlashuvi hamda ekologik muhitning buzilishiga olib kelar edi.

Yuvish bo‘linmasida temir g‘o‘lali tegirmonning ishga tushirilishi o‘laroq yuvib kuydirilgan fosforit konsentratini ishlab chiqarish uchun kerak bo‘lgan -0,5 mm sinfdagi mahsulotning hajmi oshib, sutkasiga qo‘shimcha 130 tonnadan 165 tonnagacha olish imkoni yaratildi, pirovardida tayyor mahsulot - (KMO) ishlab chiqarish hajmi sutkasiga 1800 tonnaga yetdi. Albatta bu kabi vazifalarning samarali amalga oshirilishida nafaqat kombinat rahbariyati, balki majmuaning rahbar-xodimlaridan tortib, ishchi-xizmatchilarigacha bo‘lgan jamoaning hissasi alohida bo‘ldi, deyish mumkin.

“Qachonki biz mehnat qilishdan to‘xtar ekanmiz, yashashdan to‘xtagan bo‘lamiz”. Darhaqiqat, bugun bu haqiqatni anglagan qizilqumliklar biz so‘z yuritayotgan majmuada ko‘plab topiladi. Xususan, ular orasida namchil klassifikasiya apparatchisi - Shingizxan Amirxanov, ekskavator mashinisti - Obid Boymurodov, uskunalarni ta'mirlash bo‘yicha navbatchi chilangarlar - Akmal Xodjiyev, Jasurbek Shamsiyev, yuqori quvvatli avtosamosval haydovchisi - Beyimbet Rahmonov, teplovoz mashinisti - A'zam Mirzayev, haydovchilar - Bo‘ri Sanayev hamda G‘olib Xushvaqovlar nomi hamisha e'tirof etiladi.

Markaziy Qizilqum mintaqasidagi Jeroy fosforit koni zahiralari va baholangan resurslari, ularning sifati, kon qazishning kon-geologiya va kon- texnika shart-sharoitlariga ko‘ra MDH mamlakatlarida bunga o‘xshash kon yo‘qligi hamda jahondagi konlarning birinchi o‘nligiga kiritilishining o‘zi mintaqaning sanoat salohiyatidan darak beradi, albatta.

Import va eksport bozorida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lib borayotgan Qizilqum fosforit majmuasining sanoat salohiyatining yil sayin oshib borishidagi muvaffaqiyatli odimlari bardavom bo‘lishi shubhasiz.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech