• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Raqamlashtirish - taraqqiyot asosi

30 May 2024, 13:47 469

Ayni davrga kelib raqamli iqtisodiyotning dunyo miqyosida tutgan o‘rni va uning rivojlanish tendensiyalari taraqqiyot pallasiga kirgan. Iqtisodiy jarayonlarni raqamlashtirish nafaqat bevosita axborot kommunikatsiya tarmog‘ini, balki mamlakatimiz iqtisodiy faoliyatining barcha sohalarini ham qamrab oladigan keng qamrovli tendensiyaga aylanib bormoqda.

Shu jumladan, “Olmaliq KMK” AJda iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasi - sanoat, xizmat ko‘rsatish sohasi va texnologiyalarni ravnaq toptirish, zamonaviy axborot dasturlarini joriy etish, barcha tashkiliy-texnik, moliyaviy resurslar nazoratini ta'minlash kabi omillarga asoslangani bilan ham ahamiyatlidir.

Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, ishlab chiqarishni optimal tarzda boshqarish, tarmoq tizimlari, telefon aloqa va radioaloqa, kompyuter uskunalarini rivojlantirish yo‘nalishida samaradorlikka erishish maqsadida 2012-yilda tashkil etilgan Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi aynan axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni joriy etib borgan holda bugunga kelib kombinatning eng muhim boshqarmalaridan biriga aylangan. IChAB boshlig‘i Valiyor Irismetov jamoa tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida quyidagi ma'lumotlarni beradi:

- Ma'lumki, boshqarmamiz Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish xizmati, Axborot texnologiyalari xizmati, Aloqa xizmati va AT departament bo‘limiga tayangan holda o‘z faoliyatini qurgan. Yuqorida sanab o‘tilgan xizmatlar OKMK tizimida muhim ahamiyat kasb etuvchi ish uchastkalari hisoblanadi.

Birinchi navbatda “Raqamli OKMK-2030” dasturi doirasida kombinatda raqamlashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini ta'kidlab o‘tish zarur bo‘ladi. Bu yo‘nalishda dastlab yer osti kon ishlarini operativ rejalashtirish avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, birinchi galda dasturiy ta'minot litsenziyalari o‘rnatildi, ekspluatatsion modellarni tuzish va laboratoriya axborot tizimi bilan integratsiya ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Angren kon boshqarmasining kon ishlarini uzoq, o‘rta va qisqa muddatli rejalashtirishni, qazib olinadigan ruda hajmining hisobotini va kon uskunalarini jalb qilish jadval dinamikasini tuzish va tahlil qilish imkoniyati yaratiladi. Buning natijasida operasion xarajatlar 2 foizga, ish samaradorligi 5 foizga oshishi kutilmoqda.

Xabaringiz bor, Qalmoqqir kon boshqarmasi konlaridan qazib olinayotgan ma'danlarga doir ma'lumotlar tezkorligi konchilik ishlarini tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda laboratoriya ma'lumotlarini boshqarish tizimi joriy etilib, Qalmoqqir kon boshqarmasi va Markaziy analitik laboratoriyasi o‘rtasida barcha sinov namunalarini ro‘yxatga olish va tahlillar hisobini elektron shakllantirish yagona axborot makoni yaratildi. Tizim yordamida namunalarning natijalarini yetkazib berish vaqti qisqartirildi. Hozirda ushbu tizimni qolgan kon boshqarma larida (Angren, Xondiza, Chodak) joriy etish ishlari olib borilayapti. Avtomatlashtirilgan tarzda GTK “Karyer” tog‘-kon komplekslarini boshqarish dasturi bugungi kunga kelib dunyoning bir qator mamlakatlarida qo‘llanib kelinmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalar chuqur o‘rganilgan holda OKMK mutaxassislari tomonidan “Olmaliq KMK” AJning Qalmoqqir va “Yoshlik I” karyerlari bazasida tog‘-kon transport kompleksini, shu jumladan, kon-geologiya tizimi ma'lumotlarini avtomatlashtirilgan tarzda boshqarish loyihasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Ushbu loyiha uch bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, shu kunga qadar loyihaning birinchi va ikkinchi bosqichlarida rejalashtirilgan vazifalar bajarilishiga muvaffaq bo‘lindi. Xususan, 99 ta avtosamosval, 23 ta ekskavator, 9 ta burg‘ulash texnikasi, 80 ta yordamchi texnikalar maxsus texnik apparat vositalari bilan jihozlandi hamda ma'lumotlarni “onlayn” shaklda jamlash va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish ishlari amalga oshirilmoqda. Uning barobarida avtosamosvallarning yuklashni nazorat qilish tizimini tiklash ishlari ham olib borilmoqda. Loyihani to‘liq ishga tushirish natijasida tog‘-kon jinslarini tashish hajmini 10 foizgacha oshirish kutilmoqda.

Mis boyitish fabrikasining texnologik jarayonlarida ruda-suv nisbatlarini avtomatlashtirish bo‘yicha 15 ta nazorat va o‘lchov javonlari yig‘ilib, sozlandi. Tizimni ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan zulfin(zadvijka)lar iyun oyida yetkazib berilishi rejalangan. Loyiha natijasida yiliga 1,8 mln3 miqdorida texnik suv manbalari iqtisodiga erishiladi.

2-Mis boyitish fabrikasida bunkerlardagi ruda darajasini taqsimlash maqsadida 4 ta lazer datchiklari o‘rnatilib, tegirmonlarni 90 foizga yuksiz ishlash holatlariga barham beriladi. Pirovardida 980 mln so‘mlik mablag‘ iqtisod qilinish imkoniyati yaratiladi.

Boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish maqsadida olib borilgan ishlar ham kutilganidan yuqori natijalarni berdi. Jumladan, Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish zavodi, Markaziy ta'mirlash - mexanika zavodi, Sanoat suv ta'minoti sexi va Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasida “Elektron jurnallar” axborot tizimi sinov tariqasida ishga tushirildi. Natijada 1 000 dan ortiq naryad- topshiriqlar, yo‘l-yo‘riqlarni ro‘yhatga olish, I va II pog‘ona jurnallarini elektron shaklga o‘tkazish va tahlil qilish, shuningdek vaqt sarfini 3 barobarga qisqartirish imkoniga ega bo‘lindi. May oyining yakuniga qadar mazkur loyiha doirasida zarur bo‘ladigan komp'yuter va kommunikasiya jihozlarini yetkazib berilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, “Xatarlarni boshqarish” axborot tizimi ishlab chiqildi va sanoatda foydalanishga topshirildi. Natijada OKMKning barcha xatarlar ro‘yxati tuzilib, tizimga kiritildi. Xat arlarni tahlil qilish ularni kamaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qaror va Farmonlarida belgilangan topshiriqlarni bajarilishini nazorat qilish uchun “Topshiriqlarni bajarilishini nazorat qilish” tizimi ishlab chiqildi. Mazkur tizim boshqaruv raisining o‘rinbosarlariga kelib tushgan topshiriqlarni sonini, bajarilgani va topshiriqlarning bajarish muddatlarida kechikish mavjudligini vizual ko‘rinishda ko‘rsatib beradi. Shuningdek, “Interaktiv dashbordlar (BI) axborot tizimi”dagi “Operativ kundalik hisobot” takomillashtirildi va 20 maydan boshlab qog‘oz shaklidagi hisobotlarni bosh mutaxassislarga tarqatilishi to‘xtatiladi.

Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni arafasida foydalanishga topshirilgan Muhandislar maktabini zamonaviy o‘quv jihozlari va tizimlari bilan qurollantirish doirasida 97 ta komp'yuter va tashkiliy texnika, 7 ta interaktiv panel' va proektor, 8 ta avtomatlashtirish sohasida stendlar o‘rnatildi. Avtomatlashtirish sohasida mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha o‘quv dastur va qo‘llanma ishlab chiqildi. Ayni kunga kelib MBF, 2-MBF, MEZ, IChAB dasturchilarini qisqa muddatli o‘qitish tashkil etildi.

Axborot xavfsizligi va infratuzilmani rivojlantirish borasida olib borilgan ishlar xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, OKMK Ijro apparati ma'lumotlar almashinuv tizimining modernizasiyasi doirasida 14 km aloqa kabeli yotqizildi va 12 ta boshqaruv kommutatorlari o‘rnatilib, sozlandi. Natijada ma'lumotlar almashinuvi tezligi 10 barobarga oshirildi va xavfsizligi ta'minlandi.

Yuqorida ta'kidlab o‘tilganlarni yaxlit xulosalaydigan bo‘lsak, OKMKda birgina 2023 yilda biznes va texnologik jarayonlarni raqamlashtirish hamda ularni maqbullashtirish hisobiga 224 milliard so‘mlik mablag‘ iqtisod qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Olmaliq KMK” AJning raqamli iqtisodiyot yo‘nalishidagi ustivor vazifalari zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda tashkil qilinadigan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy munosabatlar tizimini ifodalaydi va shaksiz, kombinatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Hasan ABDULLAYEV yozib oldi

Bo`lishmoq:
Text to speech