Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Raqamli kelajak: O‘zbekiston tajribasi xalqaro minbarda

22 May 2026, 8:20 512

Kuni kecha Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Yoshlar parlamentlararo assambleyasining 26-yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Anjumanda Hamdo‘stlik mamlakatlaridan kelgan yosh deputatlar, jamoat tashkilotlari va kasaba uyushmalari vakillari ishtirok etmoqda.

Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakillari hamda “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Feruza Bazarova ham qatnashmoqda.

Bu yilgi anjumanning markaziy mavzularidan biri sifatida sun’iy intellekt texnologiyalarining yoshlar hayotiga ta’siri va undan davlat yoshlar siyosatida foydalanish istiqbollari muhokama qilinmoqda. Shuningdek, delegatsiyalar raqamli xavfsizlik, zamonaviy ta’lim, yoshlar bandligini ta’minlash hamda iqtisodiy jarayonlarga innovatsiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan o‘zaro tajriba almashmoqdalar.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi Behzod To‘xtamurodov so‘zga chiqib, O‘zbekistonda raqamlashtirish sohasida qabul qilingan milliy strategiyalar va qonunchilik asoslari haqida batafsil to‘xtaldi. Ma’ruzada mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga davlat darajasida alohida e’tibor qaratilayotgani, sohani huquqiy tartibga solish va yosh kadrlarni tayyorlash borasidagi islohotlar xalqaro hamjamiyatga taqdim etildi.

Tadbir doirasida so‘zga chiqqan mamlakatimiz vakillari yurtimizda xodimlarning, xususan, yirik sanoat korxonalarida mehnat qilayotgan yosh ishchilarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarni alohida e’tirof etdilar. OKMK misolida kasaba uyushmalarining iqtisodiy jarayonlardagi roli, xodimlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va rag‘batlantirish tizimlari xalqaro ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Alohida qayd etish joizki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining xalqaro faolligi strategik miqyos kasb etib, yoshlar uchun haqiqiy «xalq diplomatiyasi maktabi”ga aylangani MDH davlatlari ekspertlari tomonidan yuqori baholandi. Shu bilan birga, o‘zbekistonlik yosh yetakchilar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari bo‘yicha o‘quv seminarlarida ham faol ishtirok etmoqdalar.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha MDH hududida yoshlar siyosati va xodimlarning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan qator qo‘shma tavsiyalar va loyihalar qabul qilinishi kutilmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech