"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan sanoat korxonalariga zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni keng joriy etish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida e’tiborga molik innovatsion loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, Mis boyitish fabrikasida fabrika rahbariyati tashabbusi bilan 2021-yilda Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi xizmati qoshida Texnologik videokuzatuv guruhi tashkil etilgan edi. O‘tgan davr ichida tizimni kengaytirish ishlari izchil olib borildi. Birinchi bosqichda 180 ga yaqin, ikkinchi bosqichda 200 ta va keyingi bosqichlarda yana bir qancha zamonaviy qurilmalar o‘rnatilishi natijasida bugungi kunga kelib fabrika obyektlarida 500 ga yaqin videokuzatuv kameralari 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat olib bormoqda.
Texnologik videokuzatuv guruhi videoyozuv va videokuzatuv operatorlarining asosiy vazifasi MBF obyektlaridagi texnologik jarayonlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariya va noxush hodisalarni tezkor aniqlashdan iborat. Shuningdek, ishchi-xodimlarning mehnat intizomi, ishga o‘z vaqtida kelib-ketishi, mehnat muhofazasi, texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etishini nazorat qilish hamda aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha fabrika dispetcheri va tegishli sex operatorlariga o‘z vaqtida ishonchli ma’lumotlarni yetkazish ularning kundalik mas’uliyatli vazifasi hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ilgari videoyozuv va videokuzatuv operatorlari tomonidan mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha kuniga o‘rtacha 30—40 ta qoidabuzarlik aniqlanar edi. Boisi, 500 ga yaqin videokuzatuv kameralaridagi barcha holatlarni faqat inson ko‘zi bilan to‘liq va bir vaqtning o‘zida qamrab olish hamda xatoliklarni yuz foizlik aniqlikda topishning jismoniy imkoni bo‘lmas edi. Ushbu sohada tub burilish yasash maqsadida, kombinatning Sun’iy intellektni rivojlantirish va joriy etish bo‘limi bilan hamkorlikda fabrikadagi 20 ta strategik videokuzatuv kamerasiga ishchilarning maxsus himoya vositalarini (kaska, maxsus kiyim, ko‘zoynak va boshqalar) kiyganlik holatini nazorat qiluvchi maxsus sun’iy intellekt (SI) moduli tatbiq etildi. Ushbu raqamli innovatsiya joriy etilgach, inson omili kamayib, xavfsizlik qoidabuzarliklarini avtomatik aniqlash ko‘rsatkichi sanoatda 5-6 barobarga ko‘paydi va nazorat sifati jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Qoidabuzarliklar ham sezilarli ravishda kamayishiga erishildi.
Raqamlashtirish va avtomatlashtirishning bunday yuksak samarasini inobatga olgan holda, kelgusida mazkur intellektual SI tizimini fabrikadagi boshqa barcha videokuzatuv kameralariga ham bosqichma-bosqich to‘liq tatbiq etish rejalashtirilgan.
Axborot xizmati