Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ratsionalizatorlik va ixtirochilik - texnik va innovatsion rivojlanish zamini

21 Oktyabr 2025, 12:50 523

Ratsionalizatorlik — bu ishlab chiqarishdagi mavjud resurslar va texnologiyalarni yanada samarali ishlatishga qaratilgan takliflar majmuidir. Ular yordamida jarayonlarni soddalashtirish, ortiqcha ish harakatlarini kamaytirish hamda uskuna va qurilmalarning unumdorligini oshirish mumkin. Eng ahamiyatlisi, yangi mukammallashtirilgan texnologiyalarni sanoatga joriy etish yordamida koʻp miqdordagi energiya, xomashyo va vaqt resurslarining iqtisodiga erishish mumkin. Bu borada dunyoning yetakchi mis ishlab chiqaruvchi korxonalaridan biri boʻlgan OKMKda takliflarni qabul qilish, koʻrib chiqish va amaliyotga tatbiq etish mexanizmi samarali yoʻlga qoʻyilgan. Kuni kecha Sanoat suv ta’minoti boshqarmasida boʻlib oʻtgan seminarda ham ishchi-xodimlarining innovatsion potensialini ragʻbatlantirish masalasi ilgari surildi.

Tadbirda kombinat Ilm-fan va innovatsiyalar departamentining patent va ixtirochilik ishlari boʻyicha yetakchi muhandisi Nargiza Bekbutayeva tomonidan yigʻilganlarga yangi texnik ishlanmalarni yaratish, moliyalashtirish hamda mualliflik huquqini olish tartibi tushuntirib oʻtildi.

Raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, 2025-yilning 9 oyi davomida 24 nafar kombinat ishchi-xodimlari tomonidan jami 27ta ratsionalizatorlik takliflari kiritilgan boʻlsa, ulardan 11tasi amaliyotga joriy qilingan. Innovatsion gʻoyalar sabab, shu kunga qadar kombinat hisobiga umumiy 11,4 mlrd soʻm miqdorida iqtisodiy samara keltirildi.

Korxona mehnatkashlarining texnologik gʻoyalarini ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan «Ratsionalizatorlik va ixtirochilik - texnik va innovatsion rivojlanish zamini» mavzusidagi seminar davomida ishchi-xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassisdan batafsil javob olishdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech