"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Jamiyatda xotin-qizlarning o‘rnini ulug‘lash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Shu maqsadda, “OKMK” AJ tarkibiy bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan ayollar o‘rtasida “Bekajon” ko‘rik-tanlovi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tanlov xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning kasbiy mahorati bilan bir qatorda xonadon bekasi sifatidagi fazilatlarini namoyon etish maqsadida o‘tkazildi.
OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan tashkil etilgan tanlovning “Tanishuv” shartida qatnashchilar o‘zlarining sanoat sohasidagi mehnat faoliyati, jamoadagi o‘rni va oilasi haqida badiiy chiqish qilishdi. “Zukkolik va ma’rifat” shartida esa savol-javoblar orqali ularning siyosiy-ijtimoiy bilimi, mehnat qonunchiligi hamda ayollar huquqlariga oid tushunchalari sinovdan o‘tkazildi. “Oshxona malikasi” bosqichida sanoat ishchilari uchun foydali, vitaminlarga boy va hamyonbop taom tayyorlash yoki uning taqdimotini namoyish etish talab etildi. Yakuniy “Erkin mavzu” shartida esa ayollar o‘zlarining hunarmandchilik, she’rxonlik, qo‘shiq yoki raqs bo‘yicha ijodiy iste’dodlarini namoyon etishdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha loyiq deb topildilar:
Malohat Hamidova (Ohak zavodi) – “Eng mahoratli sanoat malikasi”;
Iroda Mavlyanova (Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi) – “Sadoqatli kasbdosh”;
Zilola Babajanova (Mis eritish zavodi) – “Eng iqtidorli beka”;
Mahfirat Toshpo‘latova (“Olmaliqmetallurgqurilish” tresti) – “Eng faol, insonparvar bekajon”;
Feruza Tursunqulova (Markaziy apparat) – “Sanoat iftixori”;
Nilufar Dolimova (Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi) – “Eng mahoratli kasb egasi”.
Qizg‘in kechgan bellashuvlar natijasiga ko‘ra, faxrli o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:
Chodak kon boshqarmasi sharafini himoya qilgan Durdona Shorahimova uchini o‘rinni egalladi.
Ikkinchi o‘rin Markaziy analitik laboratoriyasi vakilasi Dildora Xolmatovaga nasib etdi.
Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi ishchisi To‘xtabuvish Qoraboyeva barcha shartlarni a’lo darajada bajargan holda mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Tanlovning barcha ishtirokchilari va g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Viloyat DAVLETOVA,
OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi