Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Sanoat temir yo'l transporti boshqarmasi: Istiqlol bergan imkoniyatlar

24 Avgust 2026, 10:17 213

O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yillik shonli to'yonasi butun mamlakatimizda “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan olijanob shior ostida yuksak ko'tarinkilik bilan nishonlanmoqda. Istiqlol biz uchun, avvalo, o'z taqdirimizni o'zimiz belgilash, milliy sanoatimiz va kelajagimiz uchun mas'uliyatni o'z zimmamizga olish demakdir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yangi sanoat quvvatlari, raqamli texnologiyalar va investisiya loyihalarining har biri ana shu mustaqillikning amaliy samarasidir. Shu ma'noda, yurtimiz iqtisodiyotining ulkan ustuni bo'lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va uning ajralmas qismi hisoblangan Sanoat temir yo'l transporti boshqarmasining bugungi faoliyati ham istiqbolli taraqqiyot yo'lining muhim bir bo'lagidir.

Tarix sahifalariga nazar tashlasak, 1953-yilda tashkil etilgan boshqarma Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining rivojlanishi bilan chambarchas bog'liq holda shakllanib, 1954-yilda Olmaliqni Ohangaron stansiyasi bilan bog'lovchi ilk temir yo'l liniyasi ishga tushirilib, sanoat yuklarini tashish yo'lga qo'yilgan edi.  Keyingi yillarda 4 ta temir yo'l sexlari, vagon xizmati, kontakt tarmoqlari xizmati, energiya ta'minoti xizmati, SMB (signalizatsiya, markazlashtirish va blokka olish) va aloqa xizmati, ko'tarma transport uskunalari xizmati hamda noruda qurilish materiallari kareri ochilib, zamonaviy temir yo'l tizimi shakllantirildi. Kechagina faoliyatini kichik parovozlar bilan boshlangan oddiy tuzilma, bugungi kunda Mustaqillik bergan cheksiz imkoniyatlar tufayli 2 543 nafar yuqori malakali mutaxassislarni birlashtirgan yirik korxonaga aylandi.  Ayni paytda boshqarma tasarrufida 49 ta PE2U(M) tortuv agregati, 2 ta modernizasiya qilingan MPE2U agregati, 33 ta TEM2, TEM18, TEM18DM seriyali teplovoz va 2 ta 2TE116 teplovozi mavjud. Shuningdek, harakat tarkibida 698 ta 2BC-105 dumpkari, 137 ta 6BC-60 dumpkari, 129 ta turli rusumdagi sisterna vagonlari, 44 ta platforma, 30 ta xopper-dozator hamda 35 ta maxsus o'ziyurar temir yo'l texnikalari ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta'minlamoqda.

Mustaqillik yillarida, xususan, 2017–2026 yillar davomida boshqarma tomonidan 34,1 kilometr yangi temir yo'l qurilib, 66 komplekt strelkali o'tkazgichlar o'rnatildi va 1 ta yangi temir yo'l stansiyasi qurib bitkazildi.

Bugungi mavjud temir yo‘l infratuzilmasi — “Qalmoqqir” stansiyasi, texnologik bino va inshootlar, 668-razyezd hamda bog‘lovchi temir yo‘llar — MBF va 2-MBFning ruda tashishga bo‘lgan ehtiyojini 100 foiz ta’minlab kelmoqda. Temir yo‘l transportining afzalligi shundaki, u mavjud infratuzilma va ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘unlashgan holda rudani samarali tashish imkonini beradi.

Karyerni bosqichma-bosqich rivojlantirish natijasida yiliga 100 million tonna, istiqbolda esa 165 million tonna ruda qazib olish darajasiga chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Shu sababli 2028–2030-yillarda “Qalmoqqir” stansiyasini yangi joyga ko‘chirish rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi joyda 35 kilometr temir yo‘l va 72 komplekt strelkali o‘tkazgich quriladi. Mavjud stansiyada esa 21,2 kilometr temir yo‘l va 68 komplekt strelkali o‘tkazgich demontaj qilinadi.

Ayniqsa, «Yoshlik I» konini o'zlashtirish mega-loyihasi doirasida temir yo'lchilar tomonidan bir qator vazifalar bajarilmoqda. Xususan, Olmaliqsoy ag'darmasi yo'nalishidagi yo'llar demontaj qilinib, Nakpaysoy otvaliga ko'chirildi. Bu maqsadda 13,2 million kub metr qoplama jinslarini tashish uchun «Otvalnaya» stansiyasi va Nakpaysoy ag'darmasi hududida katta hajmdagi rekonstruksiya ishlari olib borildi. Loyiha doirasida 10,5 kilometr temir yo'l, qo'shimcha 24 komplekt strelkali o'tkazgich qurilishi hamda MPS (mikroprosessorli markazlashtirish) va ESSO (o'qlarni elektron hisoblash) tizimlarini joriy etish ko'zda tutilgan bo'lib, hozirgacha 9,6 kilometr yo'l yotqizildi. Modulli bino topshirilib, MPS va ESSO uskunalari o'rnatildi.  Ayni paytda “Otvalnaya”dan Nakpaysoyga 9 ta lokomotiv-tarkib yordamida yiliga 8 million kub metr tog' jinslari tashilmoqda, 2027–2030 yillar uchun mo'jallangan prognozga ko'ra bu hajm 14 million kub metrga yetishi munosabati bilan lokomotiv-tarkiblar sonini 16 taga yetkazish talab etiladi. Buning uchun texnik xizmat ko'rsatish punktlari qurilmoqda. Bundan tashqari, «Yoshlik» karyeridan MBFga qo'shimcha 10 million tonna ruda tashishni tashkil etish uchun «Karernaya» va «Yangi Razyezd» stansiyalari qurilmoqda. Ushbu loyiha doirasida 9,3 kilometr temir yo'l va 39 komplekt strelkali o'tkazgich qurish rejalashtirilgan bo'lib, 2024-yildan buyon 6,3 kilometr yo'l va 19 komplekt strelkali o'tkazgich o'rnatib bo'lindi.

Shuningdek, «Porodnaya» stansiyasini demontaj qilish va uning o'rniga yangi temir yo'l infratuzilmasini yaratish ko'zda tutilgan.

Bugungi taraqqiyotni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo'lmaydi. “Raqamli O'zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida boshqarmada 12 ta zamonaviy axborot tizimi ishga tushirildi. Ular qatorida transportning ta'mirga chiqishi va qaytishini nazorat qiluvchi TRS, hududdagi ta'minot vagonlarini hisobga oluvchi SW, temiryo'l infratuzilmasini raqamli boshqaruvchi RIS, hodisalarni hisobga olish tizimi, texnik o'lchovlar bazasi, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi bo'yicha ko'rsatmalar tizimi, temir yo'l transporti monitoringi, xodimlar tarixi, yoqilg'i sarfi, STTB-protokol, Wialon bilan integrasiyalashgan ASUTOiR, tarozi tizimi bilan integrasiyalashgan ASUGTK tizimlari ishlab chiqarishni boshqarishda qaror qabul qilish tezligi va nazorat sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Tejamkorlik yo'nalishida ham katta ishlar qilinib, texnikalarga yoqilg'i monitoring tizimlari o'rnatildi. Teplovozlarda sarfni hisobga olish tizimlari joriy etilib, yangi avtomobillarga yoqilg'i quyish shoxobchasi bunyod etildi. Neft bazalari va AYOQSHlarda GARVEX uskunalari asosida yoqilg'i hisobini kompleks avtomatlashtirish tizimi yo'lga qo'yildi. Xavfsizlikni ta'minlash maqsadida stasiyalardagi boshqaruv pultlari zamonaviy tizimlarga almashtirilyapti, lokomotivlarga nazorat monitorlari va monitoring vositalari o'rnatilmoqda. Eski elektr markazlashtirish tizimlari mikroprosessorli markazlashtirish va o'qlarni elektron hisoblash tizimlari bilan bosqichma-bosqich almashtirilmoqda.

Ishlab chiqarish bazalarini rivojlantirish doirasida 2024-yilda 2-temir yo'l sexi hududida yangi rels-panjaralarini yig'ish bazasi va vagon ta'mirlash punkti qurilib, 50 tonnalik zamonaviy chorpoyali kran o'rnatildi. Yangi lokomotiv va avtomobillarga yoqilg'i quyish shoxobchasi zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Mahalliylashtirish dasturi bo'yicha “Sanoat uchburchagi” doirasida Angren, Olmaliq, Ohangaron shaharlari hamda Ohangaron va Piskent tumanlari bilan hamkorlikda 36 turdagi mahsulot mahalliylashtirildi. 2025-yilda 3-TSY negizida eksperimental uchastka tashkil etilib, lokomotivlar va temir yo'l uchun 30 dan ortiq turdagi ehtiyoj qismlarini ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. 2026-yilda esa ta'mirlash bazasida Mahalliylashtirish uchastkasi tashkil etilib, yiliga 12 dona 2BC-105 rusumdagi dumpkar ishlab chiqarish maqsad qilingan bo'lib, loyihaning iqtisodiy samarasi 9,8 milliard so'mni tashkil etishi kutilmoqda.

Bizning oldimizda 2026–2040 yillar uchun juda katta strategik maqsadlar turibdi. Ushbu davrda 90 kilometr yangi temir yo'l qurish, 48 kilometr temir yo'lni demontaj qilish, 4 ta yangi temir yo'l stansiyasi qurish, 10 ta stansiyani rekonstruksiya qilish, 3 ta stansiyani demontaj qilish, 306 dona temir yo'l texnikasini xarid qilish hamda 1 ta maydalash qurilmasi va bir nechta zamonaviy stanoklarni sotib olish rejalashtirilgan.

Ammo biz uchun eng katta boylik va yutuqlarning asl muallifi texnika emas, balki inson omilidir. Har bir kilometr temir yo'lni qurgan, har bir murakkab lokomotivni boshqargan fidoiy xodimlarimizning bilimi, tajribasi va Vatanga bo'lgan sadoqati bizning eng oliy qadriyatimizdir.

STTB mehnat jamoasi bundan keyin ham jondan aziz mustaqilligimizni ko'z qorachig'idek asrab, yurtimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish va kelajak avlodlarga obod va farovon O'zbekistonni meros qoldirish yo'lida fidokorona mehnat qilishda davom etaveradi. Mustaqilligimiz abadiy bo'lsin.

Sirojiddin Manazarov,

Sanoat temir yo'l transporti boshqarmasi

Bo`lishmoq:
Text to speech