Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Sanoat uchburchagi” dasturi ijrosi: Mahalliy dumpkarlar sinovda

03 Iyun 2026, 8:8 95

Ma'lumki, “Sanoat uchburchagi” dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida “Olmaliq KMK” AJ, “Andijon mexanika zavodi” AJ va “Olmaliq quyuv-mexanika zavodi” MCHJ o'rtasida o'zaro hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilgan edi. Ushbu uch tomonlama hamkorlik asosida, tog'-kon sanoatida tog' jinslarini tashishda keng qo'llaniladigan, yuk ko'tarish quvvati 115 tonna bo'lgan yuqori samarali dumpkarlar (o'zi ag'daruvchi vagonlar) ishlab chiqarish bo'yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgandi. Mazkur sa'y-harakatlar natijasida 2025-yilda “Andijon mexanika zavodi” AJda ushbu maxsus transport vositasining dastlabki namunasi muvaffaqiyatli ishlab chiqarildi.

2026-yilning may oyiga kelib, “Andijon mexanika zavodi” AJ tomonidan umumiy qiymati 2,8 mlrd so'm bo'lgan dastlabki dumpkar OKMKga foydalanish uchun yetkazib berildi va ishlab chiqarish sharoitida sinovdan o'tkazish jarayoni boshlandi.

Ma'lumot o'rnida ta'kidlash joizki, mahalliylashtirish loyihasi doirasida “Andijon mexanika zavodi” AJ tomonidan kombinat ehtiyojlari uchun jami 196 ta xuddi shunday zamonaviy dumpkarlar yetkazib berilishi ko'zda tutilgan. Ushbu temir yo'l transportlari kombinat konlaridan boyitish fabrikalariga ma'danlarni uzluksiz hamda xavfsiz tashishda asosiy logistik vosita bo'lib xizmat qiladi.

Ishlab chiqarish jarayonlarida mahsulot sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida, faqatgina xalqaro va milliy muvofiqlik sertifikatlariga ega bo'lgan yuqori sifatli butlovchi buyumlar hamda ehtiyot qismlardan foydalanilmoqda. Hozirgi kunda dumpkarlarning o'zini ham to'liq sertifikatlashtirish jarayonlari olib borilmoqda. Bu borada barcha texnik va texnologik talablarga, xavfsizlik me'yorlariga rioya qilinishiga alohida urg'u berilgan bo'lib, bu tayyor mahsulotning uzoq muddat va ishonchli xizmat qilishini ta'minlaydi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech