Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Bugungi kunda “Olmaliq KMK” AJda zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, raqamlashtirish, tarkibiy bo‘linmalar bilan muloqot qilishining yangi mexanizmlarini joriy etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kombinatning samarali ishlashi uchun yagona elektron axborot maydoni yaratilmoqda, bu esa qog‘oz hujjatlarda ish yuritilishini kamaytirish, xodimlarni o‘xshash ma'lumotlar va qayta-qayta kiritish zaruriyatidan xalos qilmoqda.
Shu o‘rinda sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasini ta'minlash borasida ham e'tiborga loyiq ishlar olib borilayotganligiga to‘xtalmoqchimiz.
“Olmaliq KMK” AJda sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilinishi bo‘yicha ishlab chiqarish nazoratini tashkil qilish va amalga oshirish to‘g‘risidagi Nizom talablarini bajarish hamda ishlab chiqarish nazorati sohasida ma'lumotlarning yagona elektron bazasini yaratish maqsadida Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda “Xavfli ishlab chiqarish ob'ektlari” axborot dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur dastur xavfli ishlab chiqarish ob'yektlarining hisobini yuritish, ularning sug‘urtalanganligi, sanoat xavfsizligi ekspertizasidan o‘tganligi, Davlat reyestrida ro‘yxatga kiritilganligi, texnik qurilmalar holatini, avariya va noxush hodisalarning oldini olish bo‘yicha bo‘linmalarda o‘tkazilayotgan avariyaviy mashqlarni nazorat qilib borish va hisobini yuritish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu dasturda tarkibiy bo‘linmarda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasiga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan dalolatnomalarni shakllantirish, buning natijasida bo‘linmada sanoat xavfsizligi holatini baholash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni yuritish, texnik qurilmalar, bino va inshootlarning bexatar ekspluat asiya qilish holati hamda rejali ta'mirlanishlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini tahlil qilish imkoniyatlari mujassamlashtirilgan.
Ma'lumki, ishlab chiqarishda avariya, noxush hodisalar va jarohatlanishlarni kamaytirishning muhim shartlaridan biri ishchi-xodimlarni xavfsizlik va mehnat muhofazasi masalalari hamda malakalarini oshirish bo‘yicha o‘qitish texnologiyalarini takomillashtirish hisoblanadi. Xodimlarda odatdagi, zamon talablaridan orqada qolgan o‘qitish va bilimlarni sinovdan o‘tkazish uslublaridan farqli o‘laroq ta'sirchan va maroqli multimediyaviy tizimlar katta qiziqish uyg‘otadi. Shu sababli O‘quv markazi, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda “LMS AGMK” xodimlarini masofaviy o‘qitish, bilim va malakalarini oshirish bo‘yicha elektron platforma yaratilgan bo‘lib, ushbu platforma yordamida xodimlarga yakka tartibda yoki guruh shaklida onlayn kurslar belgilanadi. “LMS AGMK” ta'lim platformasida sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi bo‘yicha onlayn kurslar kiritilgan hamda kurslar so‘nggida yakuniy nazorat test savollari joylashtirilgan. Shuningdek, hozirgi kunda raqamlashtirish dasturi doirasida kasbiy bilimlarni oshirish bo‘yicha kombinat rahbariyatining topshiriqlari ijrosini ta'minlash yuzasidan sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi muhandislari tomonidan multimediya ishlanmalari, ya'ni xavfi yuqori ishlarni bajarish tartibi, xavfsizlik texnikasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq o‘tkazish, bilimlar sinoviga taalluqli video, animasiya, slayd va boshqa materiallar yaratilmoqda.
So‘nggi yillarda Respublikada tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan lisenziya va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish shaffofligini ta'minlash va yengillashtirish, qog‘oz hujjatlar aylanmasini qisqartirish hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tishning yagona tartibini belgilash maqsadida hukumatimiz tomonidan qabul qilingan tegishli qarorlar 2022 yil 1 martdan kuchga kirdi. Ushbu qarorlarga muvofiq, lisenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat “Litsenziya” axborot tizimi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali berilishi belgilab qo‘yildi. Bu bilan tadbirkolik sub'ektlari uchun katta qulayliklar yaratilib, ularning Toshkent shahrida joylashgan tegishli vazirlik va idoralarga qatnoviga, shu bilan birga ortiqcha sarf-xarajatlarga chek qo‘yildi.
Hozirda kombinatning xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida qo‘llaniladigan portlash xavfi bo‘lgan texnologik yangi jarayonlar va asbob-uskunalarni, yuk ko‘tarish kranlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, quvurlar, qozonlarni o‘rnatish va ulardan foydalanish uchun ruxsatnoma, shuningdek tog‘-kon ishlarini yuritish huquqini beruvchi ruxsatnoma, kon ishlarini rivojlantirish rejasini kelishish kabi hujjatlarni Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasidan olish jarayonlari faqat axborot tizimlaridan foydalangan holda amalga oshirilmoqda.
Olmaliq kon-texnika inspeksiyasida ham axborot texnologiyalarini rivojlantirish ishlari, ya'ni kombinatda sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi holati bo‘yicha axborotlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va uzatish ishlari izchil olib borilmoqda. Jumladan, sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasiga oid qonunchilik hujjatlarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan ma'muriy chora qo‘llash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida yagona elektron ish yurituv tizimi orqali ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritish tartibi haqida nizom”ga muvofiq, elektron tarzda “E-ma'muriy ish” tizimida yuritilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, kombinat tarkibiy bo‘linmalaridagi xavfli ishlab chiqarishlarida qo‘llaniladigan kimyoviy moddalar, texnik qurilmalar, bino va inshootlar, bo‘linmalarda yuz bergan noxush hodisalar, ularni tahlili to‘g‘risidagi va boshqa ma'lumotlarning elektron formatdagi bazasi yaratilgan. Tarkibiy bo‘linmalarda sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi darajasini oshirib borish uchun sanoat xavfsizligiga oid normativ-huquqiy, normativ-texnik hujjatlar jamlanmasining elektron bazasi yaratilib, ushbu soha bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi hujjatlar kombinat bo‘linmalarining mutaxassislariga amalda qo‘llashlari uchun elektron formatda tezkor tusda yetkazib borilmoqda.
Husan ATAXANOV,
Olmaliq kon-texnika inspeksiyasi mutaxassisi