Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Sany Heavy Industry Co. Ltd” vakillari OKMKda

20 Avgust 2025, 10:54 501

Mustaqillik yillarida OKMKning savdo-iqtisodiy yo‘nalishlardagi xalqaro aloqalari tobora kengayib, bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonning jahon bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Eksport geografiyasining kengayishi hamda xorijiy investitsiyalar oqimining tobora ortishi kombinatni nafaqat mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo miqyosida strategik iqtisodiy markazga aylantiryapti. Xususan ko‘plab yirik chet el kompaniyalari megaloyihalar doirasida OKMK bilan o‘zaro hamkorlik qilish takliflari bilan chiqishmoqda. Kuni kecha Xitoyning “Sany Heavy Industry Co. Ltd” vakillarining tashrifi ham shular jumlasidandir.

OKMK rahbariyati hamda Xitoy kompaniyasining delegatsiya a’zolari o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuvda asosan karyer texnikasini yetkazib berish va qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energetika loyihalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

SANY vakillari kompaniya jahon bozorida karyer ekskavatorlari savdosi bo‘yicha yetakchi o‘rinda ekanliginini shuningdek, yuk ko‘tarish quvvati 320 tonnagacha bo‘lgan elektr va gibrid karyer samosvallarini ishlab chiqishni faol rivojlantirayotganini ta’kidladilar. Bundan tashqari kompaniyaning quyosh elektr stansiyalari qurilishi va qayta tiklanuvchi energiya uskunalari ishlab chiqarishdagi tajribasi ham taqdim etildi.

Uchrashuvda OKMK rahbariyati kombinatning 2035-yilgacha maʻdanni qazib olish va qayta ishlash hajmini kengaytirish rejalarini inobatga olgan holda, maxsus karyer texnikasiga bo‘lgan talab ortib borayotganini, shu sababli “Sany Heavy Industry Co. Ltd” bilan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari juda muhim ekanligini ta’kidlashdi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning asosiy sharti sifatida iqtisodiy maqsadga muvofiqlik, mahsulotning raqobatbardoshligi va xalqaro sifat standartlariga mos kelishi alohida qayd etildi.

Muzokaralar davomida tomonlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, mahalliy xomashyo va ishchi kuchidan foydalanish orqali tannarxni pasaytirish imkoniyatlari, shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari hamda uskunalar importida beriladigan imtiyoz va preferensiyalarni muhokama qildilar.

Yig‘ilish yakunida muzokaralarni davom ettirish, texnik va iqtisodiy ma’lumotlar almashinuvini kengaytirish chora-tadbirlari kelishib olindi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech