Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33OKMK xodimlari kasaba uyushmasining 2021 yil jamoa shartnomasi ijrosi boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi.
Bugungi kunda ishchi-xodimlarning huquqlarini himoya qilish doimgidek dolzarb va birlamchi vazifa boʻlib qolmoqda. Yurtimizda bu borada koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati xodimlari kasaba uyushmasi ham bu borada salmoqli natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqda. Kuni kecha oʻtkazilgan hisobot konferensiyasida yillik natijalar sarhisob qilindi.
Zoom platformasi orqali onlayn tarzda oʻtkazilgan konferensiyada OKMK rahbariyati, boʻlimlar boshliqlari, kasaba uyushmasi qoʻmitasi raislari, delegatlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda 48 ming 210 nafar a’zolariga ega boʻlgan 41 ta boshlangʻich tashkilotlar orqali faoliyat yuritib kelayotgan “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi kombinat ishchilarining mehnat sharoitini yaxshilash, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, sogʻlomlashtirish ishlari, madaniy hordiq chiqarish ishlarini tizimli ravishda yoʻlga qoʻyib kelmoqda.
2021 yilda jamoa shartnomasi bajarilishi yuzasidan boʻlib oʻtgan hisobot yigʻilishida kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Abdurashid Haydarovning hisoboti tinglandi.
Mehnat munosabatlarida ish beruvchi va kasaba uyushmasi oʻrtasidagi ijtimoiy sheriklik tomonlar manfaatlarining uygʻunligi asosida olib borilmoqda. Xususan, birgina oʻtgan 2021 yil davomida 29 699 nafar xodim, ulardan 5 124 nafar ayollar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shu bilan birga, 7 650 nafar ishchi-xodim, pensionerlarga 226 nafar “Diabet” kasalligi bilan dispanser hisobida turgan xodimlarga moddiy yordam ajratildi.
“Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi jamoa shartnomasining 10-boʻlimida ishchi-xodimlarni jismoniy sogʻlomlashtirish va sport ishlari bilan shugʻullantirishga asosiy e’tibor qaratilgan. Kasaba uyushmasi Ish beruvchi bilan kelishgan holda kombinat boʻlinmalarida ishdan boʻsh vaqtda xodimlarni ommaviy sportga jalb etish maqsadida har bir sexda sport yoʻriqchilari tayinlagan boʻlib, ularga belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,64 baravarigacha har oy oylik ustama haq toʻlab boriladi. 2021 yil davomida sport targʻibotchilari tomonidan 4 683 kishini qamrab olgan 195 ta sport-sogʻlomlashtirish tadbirlari oʻtkazildi.
Yoshlarning ma’naviy saviyasini yuksaltirish, dunyoqarashi va milliy oʻzligini anglashini kengaytirishga qaratilgan ishlar ham kombinat xodimlari kasaba uyushmasining asosiy e’tiborida. “Metallurg” madaniyat saroyida 4 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan 488 nafar yoshlarni qamrab olgan 26 ta badiiy havaskorlik jamoalari doimiy asosda faoliyat koʻrsatib, hisobot davrida 499 ta turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oʻtkazildi.
Xodimlarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, ularda vatanga sadoqat hissini singdirish maqsadida kombinat kasaba uyushmasi tomonidan “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qiling!” shiori ostida 2 564 nafar kombinat ishchi-xodimlarini yurtimizning Fargʻona, Xiva, Samarqand va Buxoro shaharlariga sayoxat qilishdi. Ichki turizmda ishtirok etgan mehnatkashlarimizdan 904 nafari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining koʻmagi bilan sayohatdan bahra olish imkoniga ega boʻlishdi.
Konferensiya so’ngida, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida faoliyat yuritayotgan “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasining oldida turgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, kelgusi rejalar va maqsadlar belgilab olindi.
OKMK xodimlari kasaba uyushmasining 2021 yil jamoa shartnomasi bajarilishi qoniqarli deb topildi.
Axborot xizmati