• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Sexdagi yangi uskunalar ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi

13 Sentyabr 2024, 10:31 565

Jannatmakon yurtimiz zamini bag‘ridagi nodir, rangli va qimmatbaho metallarni qazib olishga hamda ularni qayta ishlashga ixtisoslashgan OKMK O‘zbekiston rangli metallurgiya sanoatining eng yirik korxonalaridan biridir. Kombinat texnologik ishlab chiqarish zanjirida ma'danni qazib olib uni tayyor mahsulot holiga keltirishgacha bo‘lgan jarayonlar ulkan texnikalardan tortib, murakkab dastgohlaru, turli texnologik agregatlar yordamida tunu kun to‘xtovsiz amalga oshiriladi. Bu esa o‘z navbatida yuqorida keltirib o‘tilgan texnika va texnologiyalarning doimo ishga shay, ehtiyot va butlovchi qismlari esa soz holatda bo‘lishini talab etadi. Zarur ehtiyot va butlovchi qismlar bilan ta'minlash kabi mas'uliyatli vazifa bilan kombinatda mahalliylashtirish dasturining bosh ijrochisi hisoblangan Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi shug‘ullanadi.

Xususan, zavodning Avtotransport va maxsus texnikalarni ta'mirlash sexida bu borada salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

OKMKdagi mavjud og‘ir avtomashinalar, maxsus texnikalar va uskunalarni kapital ta'mirlashga mo‘ljallangan mazkur sex Energetika, elektromexanika, detallarni qayta tiklash va ishlab chiqarish, buldozer va yuklagichlarni ta'mirlash hamda yig‘uv-sochuv bo‘limlaridan iborat.

Sexda mahalliylashtirish dasturiga asosan bugungi kunga qadar 15 milliard 408 million so‘mlik ish bajarildi. 8 oy davomida Shaxtaqurilish boshqarmasi uchun 6547 dona nostandart uskunalar, 1-va 2-mis boyitish fabrikalarining 54NS nasoslariga 90 ta, Grat nasoslariga 235 ta ehtiyot qismlar tayyorlab berildi. Shuningdek, Texnologik transport boshqarmasidagi BelAZ avtosamosvallar uchun 636 ta, Angren va Chodak kon boshqarmalaridagi vagonetkalarga 1005 dona zarur ehtiyot va butlovchi qismlar sexning o‘zida ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, mis boyitish fabrikasining 65 ta zulfinlari ta'mirlab berildi.

Sex boshlig‘i Ilhom Jo‘rayevning ma'lum qililishicha, sexda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida bir qator texnologik uskunalar olib kelingan. Xususan, SK5250 rusumli aylanma tokarlik uskunasi olib kelindi. Ushbu uskuna diametri 5 m va balandligi 3 metr bo‘lgan detallarga mexanik ishlov berishda foydalaniladi. Shuningdek, bu yil DS-3015 lazerli kesuv dastgohi ham keltirildi. Ushbu dastgohda qalinligi 1 mm.dan 20 mm.gacha bo‘lgan detallarni lazer orqali kesiladi. Dastgoh yuqori aniqlikdagi kesish darajasiga ega ekanligini bilan ajralib turadi. Natijada dastgohda kesilgan detallarga mexanik ishlov berishga hojat qolmaydi. Bu esa vaqtni va elektr energiyasini ham tejaydi.  Kelgusida sexga raqamlashtirilgan texnologik uskunalarning ham olib kelinishi ko‘zda tutilgan. Zamonaviy texnologik uskunalar yuqori samaradorlikni ta'minlab, mahsulot tannarxini ham tushirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech