Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Sifatli ta’mirlash ishlari – barqaror ishlab chiqarish garovi

02 Iyun 2026, 10:45 145

Sanoat korxonalarida texnologik uskunalarning uzluksiz, xavfsiz va soz ishlashini ta’minlashda rejali-ogohlantiruvchi profilaktika tadbirlari muhim strategik ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda, Mis eritish zavodining Metallurgiya sexidagi 1-sonli anod pechi tasdiqlangan tarmoq jadvaliga asosan, joriy yilning 29-may kuni soat 07:00 da rejali joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun vaqtincha to‘xtatildi.

Metallurgiya sexining konverter anod bo‘limi boshlig‘i Jasur To‘raqulovning ma’lum qilishicha, mazkur muhim va mas’uliyatli jarayonda zavodning texnologik, energetik va ta’mirlash xizmati muhandis-texnik xodimlari hamda yuqori malakali ishchilari bilan bir qatorda, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasining 4- va 6-sonli ixtisoslashtirilgan uchastkalari jamoalari ham faol va hamjihatlikda ishtirok etishmoqda.

Belgilangan reglamentga ko‘ra 5 sutka davom etadigan ta’mirlash jarayonida korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini saqlab qolish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli texnik ishlar bajariladi.

Xususan, anod pechining suv bilan sovitish tizimidagi butlovchi qismlar va gaz o‘tkazish tarmoqlari (gazoxod) butunlay yangilandi. Pechning ichki qismidagi olovbardosh futerovka (g‘isht qoplamasi) qisman qayta tiklandi. Shu bilan birga, tayyor mahsulot olishda muhim bo‘lgan anod quyish mashinasi to‘liq kapital ta’mirdan chiqarildi. Tizimdagi barcha energetik va mexanik uskunalar chuqur diagnostikadan o‘tkazilib, sozlandi.

Bu kabi tizimli va rejali modernizatsiya ishlari kelgusida ishlab chiqarish jarayonlarining xavfsiz, texnik nosozliklarsiz, bir maromda hamda yuqori sifat ko‘rsatkichlari bilan davom etishini kafolatlaydi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech