• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Sinovlarda toblangan korxona

26 Yanvar 2024, 10:45 441

2-MBFning 70 yilligi oldidan

Bu yil “Olmaliq KMK” AJning eng keksa korxonalaridan biri bo‘lgan 2-Mis boyitish fabrikasi o‘zining 70 yilligini nishonlaydi. Sobiq ittifoqning metallurgiya sanoati vazirligi komissiyasi tomonidan 1950-yilda bo‘lajak Qo‘rg‘oshinkon va Oltin topkan kon-metallurgiya kombinatining metallurgiya zavodlari, boyitish fabrikalari va chiqindilarni to‘plash omborlari uchun joylar tanlab olinishi davomida Qo‘rg‘oshin-rux boyitish fabrikasi quriladigan manzil ham tanlab olindi.

1951-yilda “Mexanobr” instituti tomonidan uning loyihasi ishlab chiqildi. Loyihaga ko‘ra, fabrika dastlab 2 million tonna miqdorida Qo‘rg‘oshinkon va Oltin-topkan konlari rudalarini qayta ishlashi ko‘zda tutiladi. 1954-yilning aprelida fabrikaning birinchi navbatini o‘z ichiga olgan 1-seksiya foydalanishga topshiriladi. May oyida esa ikkinchi seksiyada texnologik jarayonlarga kirishiladi. Korxonaning ikkinchi navbatini tashkil etuvchi uchinchi seksiya 1954-yilning avgustiga qadar vaqtinchalik foydalanishga topshiriladi. Oradan bir yil o‘tib, fabrikaning to‘rtinchi seksiyasi ishga tushiriladi. 1956-yilning may oyiga kelib beshinchi seksiyada ham boyitish jarayonlari olib borila boshlanadi. 1965-yilda fabrika quvvatlarini kengaytirish loyihasi asosida korxonaning 6-seksiyasi foydalanishga topshirilib, uning ishlab chiqarish quvvatlari yiliga 4 million tonnaga chiqarildi. Aynan shu davrda OKMKning mazkur korxonasi qo‘rg‘oshin-rux rudalarini qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan Sovet ittifoqidagi eng yirik boyitish fabrikasiga aylanadi.

Yangi loyihaga asosan, “Mexanobor” instituti tavsiyasiga ko‘ra, rudalar, qo‘rg‘oshin, rux va pirit konsentratlarini olish yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik fabrikaning barcha seksiyalari jamoaviy qo‘rg‘oshin- rux konsentratlari olinishiga asoslangan selektiv flotasiyalash tizimi joriy etilib, qo‘rg‘oshin va rux konsentratlari alohida olishga o‘tkazila boshlandi. Shu maqsadda 1969-yil jamoaviy konsentratlarni seleksiyalash ishlari maxsus korpusga ko‘chirildi. Bu ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari keskin ortishiga xizm at qildi.

1971-yilga kelib fabrika o‘zining yangi rivojlanish marrasiga chiqib oldi: uning ish quvvati yiliga 4 mln tonna rudalarni qayta ishlashga yetkazildi. Sharli tegirmonlarning foydali ish koeffisenti rejadagi 93,5% o‘rniga qator yillar davomida 95-96% darajada saqlab borildi. Bu mamlakat boyitish fabrikalari orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib qoldi. Qo‘rg‘oshin-ruxga boy foydali qazilmalar konlarini topish bo‘yicha tog‘-kon qidiruv ishlari tushib ketishi, Qo‘rg‘oshinkon konining yopilishi, Oltin- topkan konining yuqori gorizontlarida qazib olishga kirishish va qiyin ishlovlardan o‘tkaziladigan xom ashyolarni boyitishga o‘tilishi korxona oldida o‘ziga xos muammolarni tug‘dirdi. Bu esa kombinatning qo‘rg‘oshin- rux konlari rudalarini qayta ishlashni samarasiz holatga keltirdi. Sovet ittifoqi parchalanishi bilan Tojikiston hududida joylashgan Oltin-topkan konidan rudalarni keltirish yanada murakkablashdi. Fabrikadan 300 km uzoqlikda joylashgan Uch-quloch koni tabiiyki, fabrikaning barcha seksiyalarini ruda bilan ta'minlab bera olmasdi. Boyitish nihoyatda jiddiy ishlab chiqarish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Ilm-fanning eng ilg‘or yutuqlari, tadqiqotlar va ishlanmalar aynan Qo‘rg‘oshin- rux fabrikasida sinovlardan o‘tkazib borildi. Shunday qiyin vaziyatda texnologik tizimlar qisman o‘zgartirilib, fabrikaning uchta seksiyasi Sariq-cho‘qqi konining mis-molibden rudalarini qayta ishlashga o‘tkazildi. Bu paytga kelib korxonaning ish quvvatlari 2,7 mln tonnagacha tushib ketdi. 1998-yilgacha fabrika qo‘rg‘oshin-rux rudalarini qayta ishlagan holda rux konsentratlari Olmaliq rux zavodiga, qo‘rg‘oshin konsentratlari Qozog‘istonning Chimkent shahriga qayta ishlanishi uchun jo‘natib kelindi. Shu yildan boshlab esa Qo‘rg‘oshin-rux boyitish fabrikasi to‘liq mis-molibden rudalarini qayta ishlashga o‘tkazildi. 2002-yilda fabrika tomonidan 3 mln 667 ming tonna miqdorida, keyingi yil 3 mln 545 ming tonna miqdorida ruda boyitilishiga muvaffaq bo‘lindi.

2-MBF o‘zining 70 yillik tarixi davrida 139,2 mln tonna qo‘rg‘oshin-rux rudalarini, 109 571 372 tonna miqdorida mis-molibden rudalarini qayta ishlagan holda 1338 tonna qo‘rg‘oshin, 1352 tonna rux va 436 187,600 ming tonnadan ortiq konsentratda mis metalli ishlab chiqarishga erishdi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech