Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Vatanimiz ravnaqi, iqtisodiyot negizi bo‘lgan mineral xom ashyo bazasini yanada boyitish yo‘lida mas'uliyatli vazifani sharaf bilan uddalab kelayotgan “Olmaliq KMK” AJ geologiya sohasi xodimlari faoliyati so‘nggi yillarda umuman yangi yo‘nalishga dadil qadam tashlayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Yer osti foydali qazilmalarini qidirish, topish va ishlab chiqarishga jalb etish, hukumatimizning mineral xom ashyo, uni qayta ishlash va mahsulot ishlab chiqarishga bo‘lgan talab hamda ehtiyojini qondirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar yaqin va uzoq muddatli strategiyaga ega ekanligi e'tiborga molikdir. Respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan tog‘-kon sanoati korxonalari ayni paytda uzoq kelajakka yetadigan mineral xoma ashyo bazasi bilan ta'minlangan. “Olmaliq KMK” AJ balansidagi mis, molibden, oltin va kumush ma'dan zahiralari, qo‘rg‘oshin va rux hamda “Navoiy KMK” AJ balansidagi oltin ma'dan zahiralari kamida 50 yil, uran zahiralari 20 yil, “O‘zbekneftgaz” AJ balansidagi gaz va kondensat zahiralari esa 40 yildan ko‘pga yetadi.
OKMK geologiya sohasining eng yetakchi bo‘limlari sifatida Angren kon boshqarmasining Shuhrat Yormatov rahbarlik qilib kelayotgan geologiya xizmatini ko‘rsatish mumkin. Ekspluatatsiya qilib kelinayotgan kon maydonlari va uning alohida qism, bloklarini geologik o‘rganish, foydali qazilmalarni to‘g‘ri va maqsadli qazib olinishini ta'minlash, qo‘shimcha zahiralarni aniqlab borish, kon qazib olish ishlariga yo‘nalishlar berib borish maqsadida bu jamoada o‘ziga xos tizim yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tizimga asoslangan holda bugungi kunda Ko‘chbuloq, Qizil- olma konlari sanoat zahiralari mufassal baholangan holda Markaziy, Samarchuq, Chimovuq, Levoberejnaya va Mejdureche uchastkalari o‘rganilib, ular asosida kon qazib olish ishlari olib borilmoqda.
Geologlar tomonidan nafaqat boy tarkibli ma'danlar joylashuvini, balki ularni iqtisodiy samaradorlikda qazib olib chiqishni yo‘lga qo‘yish borasida ham ishlar amalga oshirib borilmoqda.
Buni birgina Ko‘chbuloq konida zahiralarni oshirib borish maqsadida 2017-yildan 2020-yilga qadar olib borilgan ishlar dinamikasida ham ko‘rish mumkin. 2017-yilda zahiralar 62,5 ming tonna deb baholangan bo‘lsa, 2020-yilga kelib bu ko‘rsatkich 95,3 ming tonnaga yetkazilgani e'tiborga molikdir. Mazkur konda joriy yilning o‘zida 6485 pogonometrga teng quduqlar burg‘ulanishi ko‘zda tutilgan. Bu esa shaksiz, kon boshqarmasining boy mineral xom ashyolar bilan barqaror ravishda ta'minlanishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Rudalar lokalizatsiyasini mufassal o‘rganish, amalda faoliyat yuritayotgan konlarning yangi ruda tomirlarini bashorat qilib baholab borish borasida har qanday geologiya bo‘limi malakali mutaxassislarga ehtiyoj sezadi. Bu borada Qizil olma shaxtasi geologi Abdumalik Nasriddinov, Razvedochnaya shaxtasi geologi Shavkat Shodimatov, Samarchuq shaxtasi geologi Oybek Husanov, Ko‘chbuloq shaxtasi geologi Zokir Namozov, Qayrag‘och shaxtasi geologi Karim Toyirovlar nomini alohida ko‘rsatib o‘tish zarur bo‘ladi. Uchastka geologlari Andrey Pinemaskin, Behzod Mambetov, Shahboz Mahkamov, Zuhriddin Qo‘shboyev, Xurshid Hamdamovlar geologiya va kon ishlarida uyg‘unlikda faoliyat olib borilishiga munosib hissa qo‘shib kelishmoqda.
Geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish, foydali qazilmalar zahirasi o‘sishini ta'minlash va joylarda yangi quvvatlar yaratilishi borasida zahiralar hisobini yuritish bo‘yicha yetakchi geolog Shahobiddin Yusupov va razvedka qilingan zahiralar bo‘yicha yetakchi geolog Abdukarim Rahimovlarning bilim va boy tajribalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Angren konchilari tomonidan birgina o‘tgan hisobot oyi davomida 58,6 ming tonnadan ziyod ruda qazib olingan holda reja 102,2%ga ortig‘i bilan bajarildi. Rudalar va flyus rudalarda birinchi va ikkinchi metall miqdori ham bashorat ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘ldi. Bu esa boshqarma geologlarining tinimsiz izlanishlari mahsulidir.
Fevral oyi ish rejasiga asosan 64 pogonometr hajmga teng ekspluatasiya-razvedka ishlari ko‘zda tutilgan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 102 pogonometrni tashkil etib, reja 164%ga ortig‘i bilan bajarilishiga muvaffaq bo‘lindi.
Shu o‘rinda OKMKning tog‘-konchilik korxonalari xom ashyo bazasini mustahkamlash, o‘rganilgan kon maydonlarining foydali qazilmalari ishonchliligini oshirish, foydali qazilma konlari va tabiat boyliklaridan to‘liq hamda kompleks foydalanish kabi vazifalarni sharaf bilan bajarib kelayotgan kombinatning barcha geologlarini kasb bayramlari bilan samimiy muborakbod etib, ularning mashaqqatli va sharafli ishlarida zafarlar tilaymiz.
Hasan USMONALI