Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Sohibqiron merosi: tarix va tafakkur uyg‘unligi”

03 Aprel 2026, 15:55 102

Ma’lumki buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat hamda san’at homiysi — Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi bu yil mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham sana munosabati bilan bir qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Bugun tashkil etilgan “Sohibqiron merosi: Tarix va tafakkur uyg‘unligi” mavzusidagi ma’naviy-ma'rifiy tadbirida ham Sohibqiron Amir Temurning merosi, uning tarixiy ahamiyati va bugungi avlod uchun ibratli jihatlari muhokama qilindi.

Tadbirda akademik, manbaashunos olima Dilorom Yusupova va uning shogirdlari, kombinat yoshlari, shahrimizdagi umumta’lim maktablari tarix fani o‘qituvchilari hamda oliygohlarning talabalari, nuroniylar ishtirok etishdi.

Mehmonlar dastlab, “Metallurg” madaniyat saroyi faoliyati bilan tanishdilar. “Suyurlitepa yodgorligi” ko‘rgazmasi hamda kombinat tarixi muzeyi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

3-Mis boyitish fabrikasi majlislar zalida tashkil etilgan ma’naviy-ma'rifiy tadbirda so‘z olgan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov Sohibqiron Amir Temur bobomizning boy tarixiy merosini barchamiz ko‘proq o‘rganishimiz lozimligini, uning qat’iyati, shijoati va jasurligi yoshlarga namuna bo‘lishini ta’kidladi. Amir Temur nafaqat buyuk sarkarda va davlat arbobi, balki yuksak ma’naviyat va adolat timsoli ekanligiga alohida urg‘u berdi.

Tadbir davomida OKMK yoshlari tomonidan tayyorlangan Amir Temur tuzuklarini aks ettirgan videorolik namoyish etildi. “Metallurg” MS xonandasi Uyg‘un Tovboyev tomonidan  ijro etilgan Amir Temur haqidagi qo‘shiq olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Akademik, manbaashunos olima Dilorom Yusupova Sohibqiron haqida qiziqarli ma’lumotlarni ulashdi: - Amir Temur bobomizning boy tarixiy merosini o‘rganar ekanmiz, uning faoliyati davomida bunyodkorlik ishlariga katta e’tibor qaratgani diqqatga sazovor. Buni Samarqand misolida ham ko‘rishimiz mumkin. O‘sha davrda bunyod etilgan tarixiy obidalar va inshootlar haligacha ko‘pchilikni hayratlantirib keladi. Amir Temurning avlodlari ham bunyodkorlik ishlarini davom ettirishadi. Ayniqsa, ta’limni rivojlantirishga, madrasalar qurishga, bog‘lar yaratishga katta e’tibor berishgan. Hatto buyuk bobomizning ayollari ham bunyodkorlik ishlariga alohida ahamiyat qaratishgan. Uning rafiqasi Saroymulkxonim qulog‘idagi baldoqni sotib, madrasa qurdirgani haqidagi tarixiy ma’lumotlar ham bor. Shohruh Mirzoning ayoli Gavharshod begim  Xirotdan turib Mirzo Ulug‘bekning tarbiyasiga katta e’tibor bergan. Uning buyuk olim bo‘lib yetishishida ham uning hissasi beqiyos. Nabirasining yonida zamonasining yetuk olimlarini to‘plashga harakat qilgan. Masalan Turkiyadan Qozizoda Rumiy, Erondan G‘iyosiddin Koshiy Ulug‘bekning yoniga kelgan. Amir Temurning o‘zi ham mamlakatda ilm-fanning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Olimu fuzalolarni davlatiga taklif etib, ularga barcha sharoitlarni yaratib bergan. U nafaqat ijtimoiy fanlarga balki aniq fanlarga ham katta e’tibor qaratgan.  Bu esa “Ulug‘bek ziji”ni yaratilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlarimiz orasida ham Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek kabi daholar yetishib chiqishiga shubha qilmayman. Buning uchun mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida barcha sharoitlar yaratib berilgan. Faqat ular berilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishlari zarur.

Shuningdek, MTTU MISiS Olmaliq filiali Ijtimoiy gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti Abduqayum Abduqodirovning “Iloq vodiysining Amir Temur davlatining harbiy yo‘llari va iqtisodiy infratuzilmasi tizimida o‘rni va roli haqida” ma’ruzasi tinglandi.

Olmaliq Davlat Texnika instituti rektori O‘tkir Xaliqulov – Olmaliq shahrida oliy ta’lim va ilmiy izlanishlar imkoniyati, kon-metallurgiya sohasiga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarida Amir Temur va tarix fanlarini o‘rganilishi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilari Amir Temurning hayoti bilan bog‘liq savollariga akademik, manbaashunos olima Dilorom Yusupovadan batafsil javob olishdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech