• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi tahlili

24 Yanvar 2024, 9:48 1127

Yirik sanoat korxonalarida murakkab jarayonlar kechar ekan ishchi-xodimning xavfsizligi muhim ahamiyatga ega. Shu bois OKMKda ham mehnat muhofazasi masalasiga alohida e'tibor qaratib kelinadi. Birgina 2023-yilda mehnat muhofazasi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga 148,2 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanib, soha nazoratiga o‘tgan yil davomida muhim e'tibor qaratildi.

Har yili yanvar oyida mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi sohasi tahlil etilib, yangi reja va vazifalar belgilab olinadi. Navbatdagi yig‘ilish joriy yilning 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tdi.

Unda OKMK bosh muhandisi Sergey Larionov, bosh muhandisning mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari – Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Jo‘rayev hamda tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari, soha mas'ullari, muhandis texnik xodimlar ishtirok etishdi.  

Dastavval ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarni oldini olishga qaratilgan vazifalar tahlil etilib, tibbiy ko‘riklarni sifatli o‘tkazilishi  hamda kasb kasaliklarni oldini olishga qaratilgan profilaktika ishlari xususida hisobotlar tinglandi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, hozirgi kunda  OKMKda 35 mingdan oshiq ishchi-xodimlar o‘z faoliyatini olib borib, noqulay mehnat sharoitlarida 24 657 xodim ishlaydi. Ulardan – 3 485 nafari ayollar.  Ishchi-xodimlar maxsus kiyim-bosh, poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlangan bo‘lib, ayni shu yo‘nalishga 16,5 mlrd. so‘mdan oshiq mablag‘ sarflangan.

Tahlillar davomida bo‘linmalarda, mehnat muhofazasi bir va ikki pog‘onali nazorat tekshiruvlari belgilangan tartibda o‘tkazilmayotgani qayd qilindi.

Natijalariga ko‘ra, sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarning 65%ini tashkiliy sabablar, 35%ni esa texnikaviy sabablar natijasida sodir bo‘lgan. Bunda asosan jabrlanganlarning xavfli zonada bo‘lganligi, ishchilar orasida kelishilmagan harakatlar, ish vaqtida shaxsiy himoya vositalardan foydalanmaslik, jabrlanganlarning shaxsiy ehtiyotsizligi, qurilish ishlarining qoniqarsiz tashkillashtirilganligi kabi sabablar qayd etilgan.

Ayni yo‘nalishda mas'ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, hisobot davri davomida kombinat tarkibiy bo‘linmalarida 17ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgani, ulardan 9tasi oqibati og‘ir va 2ta holat o‘lim bilan tugagani qayd etildi.

2024-yilda baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda mehnat muxofazasi sohasidagi ishlarni yanada takomillashtirish va tizimlashtirish maqsadida xodimlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash va nazoratni kuchaytirish muhimligi ta'kidlandi. O‘quv kurslari va videodarsliklar targ‘ibotini to‘g‘ri tashkil etish, hamda rahbarlarning mas'uliyatini yanada oshirish borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, tadbir so‘nggida 2023-yil 25-29 sentyabr kunlari OKMK O‘quv markazi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida “Mehnatni muhofaza qilish sohasida malakasini oshirish” mavzusida onlayn tarzda o‘quv kurslarida o‘qigan kombinat tarkibiy bo‘linmalarining 44 nafar mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha muhandislariga sertifikatlar topshirildi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech