Jazirama issiqdan saqlanish qoidalari
06 Iyun 2023, 15:40
1904
Ochiq osmon ostida ob-havoning jazirama issiq kunlarida mehnat qiluvchilar uchun ESLATMA
- Kuningizda rejalashtirilgan ishlaringizni ertaroq (tong otishi bilan) boshlang. Jazirama kunlarda, eng past harorat ertalabki vaqtda kuzatiladi!
- Ochiq quyosh nurlari ostida uzoq qolib ketmang, ayniqsa, yalang bosh holatida!
- Oʻzingizga yengil ust-boshni tanlang. Jazirama issiq kunlarda kiyish uchun yengil matodan tayyorlangan yorqin rangli (iloji boricha oq rangdagi) va xavo oʻtkazuvchi kengroq buyumlarni tanlang. Havo oʻtkazishi qiyin boʻlgan, tanaga yopishib turadigan zich mato va sintetik materiallardan tayyorlangan kiyimlarni kiyishdan saqlaning.
- Yorqin rangli (iloji boricha oq rangdagi), keng soyabonli bosh kiyimi kiyishni unutmang!
- Koʻproq suyuqlik iste’mol qiling. Oʻzingiz bilan maxsus idishlarda suv olib yuring. Suvni tez-tez muntazam ravishda iching (garchi, bunga oʻzingizning hohishingiz boʻlmasa ham). Salqin ichimliklar iching, ammo muzday ichimliklar ichish mumkin emas!
- Kunlik oʻrtacha ogʻirlikdagi ish bajarayotganingizda ob-havo xarorati 30°C dan yuqori boʻlsa, soatiga 0,5 l suv ichishlaringiz lozim – bu taxminan har 20 minutda bir stakan suvga toʻgʻri keladi.
- Odam organizmini tez suvsizlanishiga olib keladigan shirin gazlangan ichimliklar, tarkibida alkogol va kofein boʻlgan ichimliklar ichishdan saqlaning!
- Ish vaqti davomida tez-tez tanaffuslar qiling! Agar siz ochiq osmon ostida (koʻchada) mehnat olib borsangiz yoki jazirama quyosh ostida yayov yurishga toʻgʻri kelsa, har yarim soat ish vaqtida kamida 15 minut salqin va quyoshdan pana joylarda dam oling!
- Ish jarayonini optimallashtiring. Jazirama issiq kuchaygan soatlarda, jamoat transportlardan foydalanishdan va jismoniy kuch sarflanishiga sabab boʻladigan ishlarni bajarishdan iloji boricha voz keching.
- Agar siz jazirama issiq kunlarda dam olish maskanlariga borgan boʻlsangiz, iqlimga moslashish maqsadida, dastlabki kunlarda (soatlarda) ochiq osmon ostiga chiqishlardan oʻzingizni tiying, yaxshisi, dastlabki kun (soatlarda) iloji boricha soya joylarda vaqtni oʻtkazing.
- Umumiy ahvolingizni kuzating. Agar oʻzingizda charchoq, bosh aylanish yoki yengil koʻngil aynish holatlarini sezsangiz – darhol salqin binolar ichiga kirib dam oling.
- Yurak-qon tomiri kasalligi boʻlgan bemorlar shifokor tavsiyalarini bajarishlari va oʻz vaqtida buyurilgan dorilarni qabul qilishlari lozim!
- Qon bosimi koʻtarilishi bilan aziyat chekadigan bemorlar, qon bosimini doimiy ravishda nazorat qilib turishlari maqsadga muvofiq.
- Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar qondagi qand miqdori darajasini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.
- Bemorlar davolanish jarayonida antibiotiklar, oʻsma kasalliklariga qarshi kimyoviy dori preparatlari qabul qilayotgan boʻlsalar, ularning ochiq quyoshga chiqishlari qa’tiyan ma’n qilinadi, chunki, ba’zi antibiotiklar va kimyoviy preparatlar teri sezuvchanligini oshirib teri kuyishiga sabab boʻlishi mumkin.
- Yurak-qon tomir va oʻpka kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarga, kunning jazirama issiq paytlarida ommaviy transport vositalaridan foydalanishlari tavsiya qilinmaydi.
Eng muhimi: jazirama issiqda odam organizmi xar doim xam oʻzini-oʻzi sovuta olmaydi. Issiq (oftob) urishi belgilarini eslab qoling – oʻz vaqtida koʻrsatilgan tez yordam issiq (oftob) urishi noxush asoratlarining oldini oladi. Koʻproq suyuqlik iching, keng-erkin buyumlarni kiying va iloji boricha kunning ertalabki soatlarida jismoniy ishlarni rejalashtiring!
Yuqoridagi eng oddiy profilaktika amallarini qoʻllab, jazirama issiq kunlarni yengilgina oʻtishlariga va salomatlik ogʻir buzilishlarining oldini olishimiz mumkin.
Soyibjon Kenjaev,
Mehnat muhofazasi boʻyicha
muhandis – sanitar shifokor