Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Stansiyada modernizatsiya ishlari - harakat xavfsizligi va yuqori samaradorlikni ta’minlaydi

08 Sentyabr 2026, 13:54 322

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Qalmoqqir” konini bosqichma-bosqich rivojlantirish va “Yoshlik-1” konini kengaytirish natijasida yiliga 100 million tonna, istiqbolda esa 165 million tonna ma’dan qazib olish darajasiga chiqish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu ulkan strategik reja ijrosini ta’minlash maqsadida konlarni kengaytirish va o‘zaro birlashtirish loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha doirasida, 2028–2030-yillarda Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasiga qarashli “Qalmoqqir” stansiyasini mutlaqo yangi joyga ko‘chirish rejalashtirilgan. Dastlabki muhandislik hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi hududda 35 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l tarmog‘i va 72 komplekt strelkali o‘tkazgich barpo etiladi. Mavjud stansiyada esa 21,2 kilometrlik temir yo‘l hamda 68 komplekt strelkali o‘tkazgich to‘liq demontaj qilinadi.

Shuningdek, “Yoshlik-1” konini kengaytirish maqsadida “Yoshlik” stansiyasini demontaj qilish hamda ushbu stansiyaga tashiladigan tog‘ jinslarini (cho‘kindilarni) “Otvalnaya” stansiyasiga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Mazkur vazifalar ijrosi doirasida ayni kunlarda “Otvalnaya” stansiyasida keng qamrovli modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Tizimli amaliy ishlar natijasida stansiyada qo‘shimcha 24 komplekt strelkali o‘tkazgich hamda 9,6 kilometrlik yangi temir yo‘l qurilib, kontakt tarmoqlari bilan to‘liq jihozlandi.

Hozirda “Otvalnaya” stansiyasida mikroprotsessorli markazlashtirish tizimi (MPS) va vagon o‘qlarini elektron hisoblash tizimlarini (ESSO) qurish hamda modernizatsiya qilish ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan ushbu innovasion yangilanishlar poyezdlar harakati xavfsizligini qat’iy ta’minlash, temir yo‘l tizimi ishonchliligini oshirish hamda stansiya boshqaruvini zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirishga xizmat qiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech