"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mamlakatimiz rangli metallurgiya sanoati tarixidagi eng yirik, strategik ahamiyatga ega investitsiya loyihalaridan biri — 3-Mis boyitish fabrikasini bosqichma-bosqich barpo etish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Mazkur mega-loyiha doirasida nafaqat asosiy ishlab chiqarish quvvatlari, balki majmuaning xavfsizligi va barqaror faoliyatini ta’minlovchi muhim infratuzilma obyektlarining qurilishi ham o‘z yakuniga yetmoqda.
Xususan, ayni kunlarda fabrika hududida Nazorat-o‘tish punkti hamda ushbu strategik obyektni qo‘riqlash xizmatini olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy qismining harbiy xizmatchilari uchun mo‘ljallangan zamonaviy qorovulxona binosida qurilish-montaj ishlarining so‘nggi bosqichi yuqori sur’atlarda amalga oshirilmoqda.
3-Mis boyitish fabrikasi direktorining fuqaro muhofazasi va qimmatbaho metallarni saqlash bo‘yicha o‘rinbosari v.b. Doniyor To‘laganovning ma’lum qilishicha, harbiy xizmatchilar uchun maxsus barpo etilayotgan mazkur qorovulxona majmuasi yaqin kunlarda to‘liq foydalanishga topshiriladi. Hozirgi vaqtda inshootda yakuniy ichki pardozlash ishlari bajarilyapti. Zamonaviy qurilish andozalari asosida barpo etilayotgan qorovulxona binosida shaxsiy tarkibning sergak va sifatli xizmat o‘tashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, unda shinam xizmat xonalari, zamonaviy oshxona, xodimlarning kuch tiklashlari uchun dam olish hamda kasbiy mahoratini oshirishga mo‘ljallangan maxsus o‘quv xonalari mavjud. Bundan tashqari, bino hududida harbiy va maxsus transport vositalarini xavfsiz saqlashga mo‘ljallangan garajlar ham qurilmoqda.
Shuningdek, fabrika ishchi-xodimlari hamda mehmonlarning hududga kirib-chiqishlarini ta’minlash maqsadida Markaziy nazorat-o‘tish joyi barpo etilmoqda. Ushbu majmua tarkibidan eng so‘nggi raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan ruxsatnomalar byurosi, navbatchi komendant xonasi hamda ishchilar salomatligini doimiy nazorat qilib boruvchi tibbiyot xodimlari xonasi o‘rin olgan bo‘lib, ularning barchasi zarur mebellar va maxsus uskunalar bilan ta’minlanadi. Ayni paytda bu yerda ham qurilish va sozlash ishlarining yakuniy bosqichi davom ettirilmoqda. Fabrikaga avtomobillar kirib-chiqishiga mo‘ljallangan nazorat punktida ham ishlar nihoyasiga yetkazilyapti.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda strategik obyekt hisoblangan 3-Mis boyitish fabrikasi perimetri to‘liq mustahkam himoya to‘siqlari bilan o‘rab olingan.
Hudud xavfsizligini real vaqt rejimida nazorat qilish, kutilmagan favqulodda holatlar hamda moddiy boyliklar daxlsizligini ta’minlash maqsadida barcha nuqtalarga yuqori aniqlikda ishlovchi zamonaviy raqamli kuzatuv kameralari o‘rnatilgan va yagona markazlashgan tizimga ulangan. Bu kabi yuqori texnologik nazorat tizimlari fabrikaning uzoq yillik xavfsiz va osoyishta faoliyat yuritishiga xizmat qiladi.
Axborot xizmati