Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Talaba Expo – 2025” festivalida OKMK oʻz takliflari bilan ishtirok etdi

27 May 2025, 9:7 977

Oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash, ularning biznes gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, yosh mutaxassislar bilan yirik ish beruvchilar oʻrtasida samarali muloqot maydonini yaratish maqsadida joriy yilning 21-23 may kunlari poytaxtimiz Toshkent shahrida “Talaba Expo-2025” festivali tashkil etildi.

Oʻzbekiston milliy banki, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlar agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida boʻlib oʻtgan tadbirda 700dan ziyod yirik kompaniyalar, bank va agentliklar hamda turli ishlab chiqarish korxonalari vakillari ishtirok etishdi. Forum dasturiga muvofiq boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi, startap taqdimotlari, mutaxassislarning amaliyotga yoʻnaltirilgan treninglari va mahorat darslari hamda madaniy-koʻngilochar tadbirlar oʻtkazildi.

Ahamiyatlisi, mazkur keng qamrovli forumda OKMK ham talaba yoshlar uchun korxona boʻyicha takliflarni taqdim etdi.

“Talaba Expo–2025” tantanali ochilish marosimida oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, bank sektori va savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirokida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Unda yoshlar potentsial ish beruvchilar bilan bevosita suhbat davomida, qiziqtirgan savollarini berishib oʻz loyihalarini ham keltirib oʻtishdi.

Forum talabalar startaplari uchun taqdimot maydoniga aylandi. Umumiy hisobdan 100ga yaqin ishtirokchilar oʻzlarining yangi gʻoyalarini yigʻilganlarga havola etishdi. Ta’kidlash kerakki "Talaba Expo-2025" koʻrgazmasi ishtirokchilari iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida kasbiy rivojlanish istiqbollari bilan tanishish, kadrlar boʻlimlari vakillari bilan dastlabki suhbatdan oʻtish, yosh mutaxassislarga qoʻyiladigan talablar haqida ma'lumotlarga ega boʻlish hamda biznes-rejalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish boʻyicha maslahatlar olish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Uch kun davom etgan festivalga 52 720 nafar yoshlar tashrif buyurishib, 27 mingga yaqin talabalar ish beruvchilar bilan suhbat oʻtkazishdi va shu joyning oʻzida 4 mindan ziyod mehnat shartnomalari rasmiylashtirildi.

Festivalda 300ga yaqin talabalar OKMKga qiziqish bildirishdi.

Bir soʻz bilan aytganda “Talaba Expo-2025” oliy ta’lim bitiruvchilari, investorlar, ish beruvchilar va davlat vakillarini bir manzilga birlashtirib, bilim almashish, kasbiy rivojlanish hamda yoshlar tashabbuslarini ilgari surish uchun muhim platformaga aylandi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech