Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bekobod shahriga tashriflari davomida aynan metallurgiya va tog‘-kon sanoati yo‘nalishi bo‘yicha ta'limni integratsiya qilish bo‘yicha alohida bir tashabbus bildirilib, bir qator vazifalar belgilangan edi. Ushbu vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida samarali ishlar olib borilmoqda. Ishlab chiqarish va ta'limni integratsiya qilish maqsadida kombinat tarkibiy bo‘linmalarida MTTU MISiS Olmaliq filiali kafedralarining filiallari tashkil etilmoqda.
Ana shunday kafedra filiali kuni kecha Rux zavodida tashkil etildi. Ushbu filialning ochilishi marosimida oliygoh o‘qituvchilari, Rux zavodi direktori Farrux Utanov, O‘quv markazi rahbari Doniyor Karimov va talabalar ishtirok etishdi.
- Mazkur kafedra filiali MTTU MISiS Olmaliq filiali Metallurgiya va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish kafedrasining tarkibiy bo‘g‘ini bo‘lib shu yerning o‘zida talabalar belgilangan reja jadval asosida oliy ta'lim muassasalari o‘qituvchilaridan va ishlab chiqarishdagi mutaxassislardan ta'lim oladi. Bu bizga birinchi navbatda malakali mutaxassislarni tayyorlashda amaliy yordam beradi. Yosh mutaxassislarni ishlab chiqarish jarayoniga adaptatsiya vaqtini qisqartiradi. Talabalar nazariy ta'lim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishadi va qisqa muddatlarda ishlab chiqarish jarayoniga moslashadi. Kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun albatta yetuk malakali mutaxassislar zarur bo‘ladi. Ushbu dual ta'lim tizimi Germaniyadan o‘rganilgan bo‘lib, O‘zbekiston ta'lim tizimida joriy etilmoqda. Kollej o‘quvchilari misolida oladigan bo‘lsak, ular reja jadval asosida 4 kun amaliy bilimlarni egallash uchun ishlab chiqarishda bo‘lib, 2 kun nazariy bilimlarni kollejda oladi. Oliy ta'lim muassasasi bilan shuni kelishganmizki, ma'lum bir fanning soatlari ishlab chiqarishda kafedra filiallarida o‘tkaziladi. Belgilagan fanni tugatgandan keyin, ishlab chiqarishga chiqib ketadi. Yana bir yangiliklardan biri, joriy yilda oliy ta'lim muassasalarining 124 nafar talabalardan dual guruhi shakllantirilib, ularga 1 razryad bilan oylik ish haqi ham berildi. Bu ularga ishlab chiqarishda, ta'limda o‘zini ko‘rsatishga imkon beradi, deydi – Doniyor Karimov.
Hozirgi kunda bu yo‘nalishda OKMK va Toshkent davlat texnika Universiteti Olmaliq filiali, Geologiya fanlari universiteti, Olmaliq kon-metallurgiya kolleji kabi ta'lim muassasalari bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi kafedra filiali Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida tashkil etilgan.
Shahlo Karimova,
O‘quv markazi ishlab chiqarish ta'lim ustasi