Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Temirni olov toblaydi, insonni esa mehnat

26 Avgust 2026, 12:41 40

Payvandchining ishida olov ham, uchqun ham bor. Ammo yillar davomida kasbiga sadoqat bilan mehnat qilgan inson qo‘lidagi olov faqat metallni emas, uning o‘zidagi matonat va mahoratni ham toblaydi.

Abduqadirov Ortiq Azimovich — ana shunday mehnat maktabidan o‘tgan fidoyi mutaxassis. Uning hayot va mehnat yo‘li Rux zavodi, uning qaynoq ish jarayoni va zahmatkash insonlari bilan chambarchas bog‘liq.

“Hunar — qo‘ldagi asbob emas, yillar davomida sayqallangan mahoratdir”.

1978-yilda Olmaliq shahrida tug‘ilgan Ortiq Azimovich mehnat faoliyatini 1993-yilda boshlagan. Yillar o‘tib, yosh mutaxassisning tajribasi ortdi, kasb sirlari tobora chuqurlashdi. Bugun esa u o‘ttiz yildan ortiq mehnat tajribasiga ega, o‘z ishining mohir ustasi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Elektr-gaz payvandchisi kasbi sirtdan qaraganda olov va temir bilan ishlashdek tuyuladi. Aslida esa bu kasbda aniqlik, sabr, bilim va yuksak mas’uliyat mujassam. Payvandchining bir uchquni ikki temirni birlashtirsa, uning mahorati mustahkamlik va sifatni ta’minlaydi.

Zavodda har bir detal, har bir konstruksiya ortida inson mehnati bor. Payvandchi esa ana shu jarayonning eng mas’uliyatli nuqtalaridan birida turadi. Bu yerda shoshma-shosharlikka o‘rin yo‘q. Chunki mustahkamlik ham, sifat ham, xavfsizlik ham avvalo mahoratdan boshlanadi.

Bunday insonlarning mehnati har doim ham ko‘zga tashlanavermaydi. Ular sahnada emas — sexda. Olqishlar ostida emas — ish qurollari bilan. Ammo ishlab chiqarishning barqarorligida ularning munosib hissasi bor.

“Haqiqiy mehnat qahramoni o‘zini emas, o‘z ishini namoyon qiladi”.

Ortiq Azimovichning ko‘p yillik halol mehnati ham munosib e’tirof etildi. Davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan soha fidoyilari munosib taqdirlandi.

Mukofotlanganlar safida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlarining borligi barchamiz uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Bu e’tirof — nafaqat bir insonning, balki kombinatda fidokorona mehnat qilayotgan minglab insonlarning zahmatiga berilgan yuksak bahodir.

“Mukofot — mehnatning yakuni emas, uning qadrlanganiga berilgan e’tirofdir”.

Ortiq Azimovichning ortda qolgan o‘ttiz yildan ortiq mehnat yo‘liga nazar tashlar ekansiz, unda mashaqqatli kunlar, izlanishlar, tajriba va eng muhimi — kasbga sadoqatni ko‘rasiz.

Zero, temir olovda toblanadi, inson esa mehnatda.

Olov so‘nadi, uchqunlar tarqaladi. Ammo halol mehnat bilan qoldirilgan iz so‘nmaydi...


Dilafruz Egamberdiyeva

Bo`lishmoq:
Text to speech