Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33“Olmaliq KMK” AJning Mis boyitish fabrikasi mamlakatimizdagi bunday yo‘nalishdagi yirik korxona hisoblanadi. Fabrikaning asosiy faoliyati “Qalmoqqir” va “Sariq-cho‘qqi” sulfidli mis-molibden konlari rudalarini qayta ishlab, mis konsentrati va molibden sanoat mahsuloti olish va ulardan rangli metallardan tashqari, qimmatbaho va noyob metallar konsentratlarini saralab olishdan iborat.
Mis boyitish fabrikasi 1961 yilda ishga tushirilgan. Shu yilning 16 iyunida esa korxonaning birinchi seksiyasi doimiy ishga tushirilib, mis konsentratining dastlabki tonnalari olingan. Bu kun fabrikaning tug‘ilgan kuni bo‘lib qoldi.
1961 yilning 30 iyunida to‘g‘ridan-to‘g‘ri oksidlangan yengil boyitiladigan rudalarni qayta ishlash bo‘yicha 2-seksiya ishga tushirildi. 1962 yilda 3-seksiya, oktyabrda esa 4-seksiya qurib bitkazildi.
Ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zlashtirish davomida oksidlangan va qiyin boyitiladigan rudalarni flotatsiyalash texnologiyasi hamda boyitish sxemalarini takomillashtirish bo‘yicha katta ishlar qilindi. Fabrikaning qurilishi davom ettirilib, 1985 yilda Maydalash-boyitish majmuasining 10-seksiyasi ishga tushirilishi bilan fabrika yana yangi quvvatlarga ega bo‘ldi. Uning loyihaviy ishlab chiqarish quvvati yiliga 29,12 mln tonna rudani tashkil etdi.
Hozirgi vaqtda fabrika tarkibida 1-sonli Bo‘laklash sexi, Maydalash va flotatsiyalash sexi, 2-sonli bo‘laklash-boyitish majmuasi, Mis-molibden konsentratini seleksiyalash va quritish sexi, Chiqindilarni joylashtirish sexi, yordamchi uchastkalar, mexanikaviy va energetik jihozlarning ta'mirlanishini ta'minlovchi xizmatlar, Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirilgan tarzda boshqarish tizimi(TJABT) xizmatlari faoliyat yuritadi. So‘nggi yillarda Mis boyitish fabrikasida parallel ravishda amalga oshirilgan bir qator rekonstruksiya ishlari, zamonaviy texnologiyalar tatbiq qilinishiga qaramay, belgilangan rejaviy ko‘rsatkichlar muddatidan avval bajarilishiga erishildi. Zamonaviy ish hajmi 50 kub. ni tashkil etadigan pnevmatik flotasiya mashinalari o‘rnatilishi hisobiga boyitmalar flotasiya qilinishi vaqti qisqartirilishi va eng muhimi sifatli jamoaviy konsentrat olinishiga muvaffaq bo‘lindi. S-30 rusumli yuqori tezlikli 2 ta yangi quyuqlashtirgichlarning konsentratlarni quyuqlashtirish va quyuqlashtirishning misli bosqichlarida joriy etilishi ham korxona ishlab chiqarish tizimida keskin burilish yasay oldi. Mazkur yangi texnologik uskunalar quyuqlashtirish jarayonlarini barqarorlashtirish bilan birga qattiq boyitmalarning yo‘qotilishiga barham bergani bilan ham ahamiyatlidir.
MBF ishlab chiqarish tizimining markazi bo‘lgan Maydalash va flotatsiyalash sexi va Yanchish-maydalash majmuasi texnologik bosqichlarida yangi 23 ta nasos-gidrosiklon qurilmalarining qo‘llanishi, molibdenli seleksiyalash uchastkasining rekonstruksiya qilinishi ham mahsulotlarning miqdor va sifat ko‘rsatkichlarida o‘z aksini topdi. Joriy yilda kombinatning asosiy boyitish korxonasi zimmasiga 40,3 million tonna miqdoridagi rudalarni qayta ishlash vazifasi yuklatilgan.
Hasan ABDULLAYEV