Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-331989-yil 21-oktabr... Ushbu sana, shubhasiz, mamlakatimiz o‘tmishidagi eng qutlug‘ sanalardan biri. Zero, bu kunda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinib, xalqimizning o‘ziga xos jasorati timsoliga aylangan edi. Va shuni alohida eʼtirof etish lozimki, bu hujjat o‘z vaqtida yurtdoshlarimizning Istiqlolga bo‘lgan umid-ishonchini, milliy g‘urur tuyg‘usini kuchaytirdi, Mustaqilligimizning o‘ziga xos poydevori vazifasini bajardi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Til - davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va maʼnaviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Milliy tilimizga, ona tilimizga bo‘lgan eʼtibor, nafaqat bugungi kunda, balki tarixning barcha davrlarida ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan.
Xususan, ko‘p ming kishilik mehnat jamoasi - “Olmaliq KMK” AJda davlat tili ustuvorligini taʼminlash, uni rivojlantirish, mustaqilligimizning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashni nazarda tutuvchi ishlarning salmog‘i yildan-yilga keng quloch yozib bormoqda. Bu yo‘lda kombinat boshqaruvi raisining 2023-yil 25-oktabrda “Olmaliq KMK” aksiyadorlik jamiyatida O‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi buyrug‘i dasturilamal bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ushbu buyruqqa asosan, OKMKda rasmiy ish yuritishni davlat tilida amalga oshirilishini taʼminlash, shuningdek, o‘zbek tilini o‘rganuvchi xodimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida tegishli chora-tadbirlar belgilab olinib, barcha normativ hujjatlar, xavfsizlik texnikasi va mehnat muhofazasi bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlar, shu jumladan, Nizomlar va Lavozim yo‘riqnomalari lotin yozuviga asoslangan davlat tiliga o‘tkazilishi taʼminlandi. Tarkibiy bo‘linmalar hududlaridagi barcha tashqi va ichki yozuvlar, belgilar va boshqa axborot matnlari davlat tiliga o‘zgartirildi.
Ishchi-xodimlarni davlat tilida o‘qitish maqsadida O‘quv markazi bilan hamkorlikda olib borilgan saʼy-harakatlar bugun o‘z natijasini bermoqda, deb bemalol aytish mumkin. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va davlat tilida ish yuritishga mo‘ljallangan 72 soatlik dastur asosida bugungi kunga qadar 200 nafarga yaqin tinglovchilar ishtirok etishib, ular kursni muvaffaqiyatli tamomladilar.
Bundan tashqari, “OKMK TV” televideniyesi, ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar va messenjerlar to‘liq o‘zbek lotin alifbosida yuritilmoqda. Kombinat kutubxonasini lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi adabiyotlar bilan boyitib borish choralari ko‘rildi. Ayni vaqtda kombinatda atamalar bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan “Kon-metallurgiya atamalari izohli lug‘ati”ni yangi tahriri nashrga tayyorlandi. Bu kitob o‘z o‘rnida ishchi-xodimlar uchun maʼnaviy ozuqa manbai bo‘lishi shubhasiz. Shuningdek, kombint xodimalari uchun Davlat tilida ish yuritish bo‘yicha maxsus o‘quv-metodik qo‘llanma ishlab chiqilgani ham diqqatga molik voqelik bo‘ldi.
Albatta, bu kabi ishlarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash va uni nazorat qilish alohida ahamiyat talab etadi. Shuni inobatga olgan holda OKMK boshqaruvi raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilib, kombinatda davlat tilida ish yuritilishini taʼminlash va nazorat qilish, o‘rganish ishlarini olib borishga masʼul doimiy ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda. Ishchi guruhi tomonidan o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Bunga misol tariqasida joriy yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida Neft mahsulotlari taʼminoti boshqarmasi, Mis eritish zavodi, Mis boyitish fabrikasi, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi, Moddiy-texnika taʼminoti boshqarmasi, Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati, Issiqlik elektr markazi, Avtomobil transporti boshqarmasi, Sanoat suv taʼminoti sexi, O‘quv markazi, Markaziy analitik laboratoriyasi, Elektr tarmoqlari boshqarmasi, Xondiza kon boshqarmasi, Chodak kon boshqarmasi, Qalmoqqir kon boshqarmasi va Kovuldi konlari, Markaziy taʼmirlash-mexanika zavodi hamda Rux zavodlarida olib borilgan nazorat ishlarini aytib o‘tish lozim.
Ayni damda mehnat jamoalarida davlat tiliga hurmat va ehtirom uyg‘otuvchi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda. Shu maʼnoda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi hamda “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganligining 35 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostidagi tanlov va turli tadbirlar tilga bo‘lgan eʼtibor va eʼzozni yana bir bor namoyon etmoqda. Joriy yilning 13-20 oktabr kunlari “OKMKda davlat tiliga ehtirom” haftaligining o‘tkazilishi va haftalik doirasidagi “Ona tilim, mangu bo‘l, omon!”, “Qadring baland bo‘lsin, Ona tilim!” shiori ostidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, “Davlatchilik tarixi va taraqqiyotida tilning o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi seminar, “Buyuklar avlodiman, turkiy elim, turkiy tilim!” shiori ostida bo‘lib o‘tadigan madaniy konsert dasturi, “Siz tilni bilasizmi?” viktorina o‘yinlari hamda “Kon-metallurgiya atamalari izohli lug‘ati”ni yangi nashr taqdimoti, kombinat O‘quv markazi tomonidan tayyorlangan “Davlat tilida ish yuritish” metodik qo‘llanmaning taqdimot tadbirlari va faol davlat tili targ‘ibotchilari, ijodkor va tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimlari bu yilgi rejalarimizdan o‘rin olgan.
Xulosa o‘rnida shuni taʼkidlash joizki, tilimizni eʼzozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb maʼnaviy burchimiz bo‘lib qoladi.
Kamola UMARALIYEVA
“Olmaliq KMK AJ boshqaruvi raisining
maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash
masalalari bo‘yicha maslahatchisi