Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 22 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligida “Tog‘-kon va metallurgiya tarmog‘idagi innovasiyalar” haftaligi o‘z ishini boshladi.
26 avgustga qadar davom etadigan tadbirda O‘zbekistonda tog‘-kon metallurgiya sohasida faoliyat yuritayotgan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiy mashinasozlik zavodi”, “O‘zmetkombinat” AJ kabi yirik metallurgik kombinatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimidagi sohaviy ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlarning olimlari o‘z innovasion g‘oya va ishlanmalari, innovatsion mahsulotlar bilan ishtirok etmoqda.
Tadbirning birinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova hozirgi kunda geologiya, tog‘-kon, metallurgiya sanoati mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining shakllanishida 10% tashkil etayotganini ta'kidlab o‘tdi. Ushbu tarmoqlarni yanada rivojlantirish uchun qazilma boyliklarni qidirish, ma'danlarni qazib olish, qayta ishlash, tayyor mahsulot darajasiga keltirishdagi texnologik jarayonlariga yangi zamonaviy innovasion va samarador bo‘lgan texnologiyalarni joriy etish zarurligi bildirildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada metallurgiya korxonalari tomonidan yangi o‘zlashtirilgan innovasion mahsulotlar hamda ilmiy-tadqiqot institutlarning olimlari tomonidan ishlab chiqilgan tog‘-kon va metallurgiya sohasida qo‘llanilishi mo‘ljallangan ilmiy ishlanmalar namoyish etildi.
Shu bilan birga ko‘rgazma doirasida tarmoq vakillari ilmiy-tadqiqot institutlari bilan dastlabki shartnoma va kelishuv hujjatlari yuzasidan muzokaralar olib bordilar. Innovatsion texnologiyalarni, mahalliy xom ashyolardan foydalangan holda eksport o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni, ya'ni metallurgiya sohasida qo‘llanilayotgan reagentlar, uskunalarni olimlar bilan birgalikda ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2021-2022 yillarda tog‘-kon va metallurgiya yo‘nalishida umumiy qiymati 31,4 mlrd. so‘m bo‘lgan 21 ta amaliy va innovatsion loyihalar moliyalashtirilgan. Haftalik davomida davlat buyurtmasi asosida moliyalashtirilayotgan ilmiy loyihalarning ijrochilari tomonidan uch kun mobaynida taqdimotlar o‘tkaziladi.
Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham sanoatga innovasion ishlanmalarning joriy etilishi natijasida qator yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Jumladan, kombinat olimlari mutaxassislarining ko‘p yillik izlanishlari natijasida 2020 yilda sof holda palladiy metallini, 2021 yilda esa sof holda reniy metallini olinishiga erishildi. Shuningdek, 2022 yilda esa OKMK platina metallini ishlab chiqarish texnologiyasi uchun mualliflik huquqi qo‘lga kiritildi.
Bugungi kunda OKMK 7 ta mahsulot ishlab chiqarish texnologiyasiga oid mualliflik huquqini qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, innovatsiyaning ishlab chiqarishga tadbiq etilishi natijasida bugungi kunda kombinatda volfram, molibden nanokukunlari, kobalt oksidi, turli xil kompozit materiallar, volfram, molibden, mis va nikel qotishmasidan nishonlar kabi mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Sanoat haftaligi davom etadi.
Axborot xizmati