Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33“To‘yga to‘yona” deganiday O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni arafasida OKMKda bir qator yangi ob'yektlar va rekonstruksiya qilingan maishiy binolar foydalanishga topshirildi.
Jumladan, bugun Mis eritish zavodi ishchi-xodimlariga xizmat ko‘rsatuvchi 14-sonli oshxona binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Zavod ishchi-xodimlariga xizmat ko‘rsatuvchi 14-sonli oshxonasi to‘liq ta'mirlandi. Ta'mirlash ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan, loyiha ishlari esa Loyiha ishlari boshqarmasi tomonidan amalga oshirildi.
Ta'mirlash ishlariga jami bo‘lib 5 941 565 501 so‘m mablag‘ sarflandi.
Shu jumladan qurilish montaj ishlariga esa 4 764 379 005 so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bundan tashqari, oshxona uchun 1 177 186 496 so‘mlik oshxona jihozlari harid qilingan.
Oshxonaning ta'mirlash jarayonida, binoni pardozlash, santexnika, yong‘in xavfsizligi va elektromontaj ishlari amalga oshirildi. Oshxona binosining havo aylantirish tizimi ham yangilandi.
Mazkur oshxona 2 qavatli binoda joylashgan bo‘lib, 1-qavati 80 o‘ringa, 2-qavati 180 o‘ringa mo‘ljallangan.
Shuningdek, Mis eritish zavodining Metallurgiya sexida konverter toshqollarini maydalash uchastkasini ham tantanali ochilish marosimi bugun tashkil etildi.
Mazkur uchastkaning faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan asosiy ko‘zlangan maqsad texnogen chiqindilar tarkibidagi mis, oltin va kumushni ajratib olish darajasini oshirish orqali qo‘shimcha mahsulotlar olishdir.
Bundan tashqari, Mis eritish zavodida havo taqsimlash stansiyasi ham bugun o‘z faoliyatini rasman boshladi.
Mazkur ob'yektlarning tantanali ochilish marosimida OKMK rahbariyati, O‘zbekiston qahramonlari, ishchi-xodimlar, mehnat faxriylari ishtirok etishdi.
- “Olmaliq KMK” AJ 2021-yil natijalari bo‘yicha Biznes-rejaga kiritilgan barcha texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni bajardi, - deydi OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov. - Bundan tashqari, xalqaro va milliy moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq audit jarayonlarini yakunladi. Unga ko‘ra, mahsulot sotishdan olingan sof tushum haqiqatda biznes-reja bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichga nisbatan 118%ga oshirib bajarilgan bo‘lib, ishlab chiqarish rentabelligi 32,2%ni tashkil etdi. Shuningdek, kombinat 2021-yil yakunlari bo‘yicha ham barcha prognoz ko‘rsatkichlarini oshig‘i bilan bajardi.
Barcha amalga oshirayotgan ishlar zamirida ishchi-xodimlar manfaati yotibdi. Fursatdan foydalanib, barchangizni yaqinlashib kelayotgan kasb bayramlaringiz bilan muborakbod etib qolaman.
Tadbirda “Metallurg” MS badiiy dastalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
OKMK Axborot xizmati