• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Tozalikka rioya qilish kasallikka chalinish xavfini kamaytiradi

04 Iyul 2024, 13:41 562

Kunlar isishi bilan yurtimizda o‘tkir ichak kasalliklari bilan og‘riganlar ko‘paya boshlaydi. Ushbu kasallika chalinmaslik uchun nimalarga e'tibor berish lozim? Kasallikning kelib chiqishi sabablari hamda profilaktikasi bo‘yicha Tibbiy sanitar qism yuqumli kasalliklar shifokori Gulnora Abdumavlonova batafsil ma'lumot beradi.

Yurtimizda kunlar isishi bilan hamyurtlarimiz orasida yuqumli o‘tkir ichak kasalliklarini ortganiga guvoh bo‘layapmiz. O‘tkir ichak kasalliklari og‘ir asoratlar qoldirishi bilan yuqumli kasalliklar orasida ajralib turadi. Kasallikka beriluvchanlik yosh tanlamaydi. Unga yoshlar, bolalar va keksalar ham birdek chalinishi mumkin.

Ushbu kasallikning yuqishini bir qancha omillari mavjud. Jumladan, suv yo‘li bilan, ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlari, ya'ni turib qolgan ovqatlar orqali yuqadi. Shuningdek, pashshalar, suvaraklar va arilar kasallikning tarqatuvchilari sanaladi.

Qo‘zg‘atuvchilar sog‘lom odam organizmiga tushgach, parazitlik qilish uchun me'da-ichak yo‘lining turli bo‘limlaridan qulay sharoit topadi. Shuning uchun ichak kasalliklarida ovqat hazm qilish sistemasi faoliyati buziladi, bu kasallikning asosiy belgisi hisoblanadi.

Kasallikning dastlabki alomatlari u yuqqandan keyin birmuncha vaqt o‘tgach namoyon bo‘ladi. Bu yashirin davr bir necha soatdan bir necha kungacha (2-3 soatdan 7-9 kungacha) davom etadi.

O‘tkir ichak kasalliklari o‘tkir yoki asta-sekin boshlanishi mumkin. O‘tkir boshlanganda harorat 38°C gacha va undan yuqori ko‘tarilib, bemor qayta-qayta qusadi, kuniga 8-10 martagacha shilimshiqli ko‘m-ko‘k suyuq ichi ketadi, ishtahasi yo‘qoladi, ozib ketadi, uxlay olmaydi, tinka-madori quriydi. Kasallik asta-sekin boshlanganda harorat normal bo‘lib, umumiy ahvol o‘zgarmaydi, bemorning kuniga 2-3 marta ichi keladi. Kamdan-kam bemorlar oldin bir marta qayt qilishi mumkin.

O‘tkir ichak kasalligining boshida me'da-ichak yo‘li funksiyasining buzilishi hamma vaqt ham darhol namoyon bo‘lmaydi.

Havo haroratini ko‘tarilishi ushbu kasallikning keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlarni ko‘plab miqdorda ko‘payishiga va keng tarqalishiga asosiy sabab bo‘lmoqda.

Xususan, hozirda kelayotgan bemorlarning yarmidan ko‘pi o‘tkir ichak kasalliklari bilan murojaat qilishayapti. Kasallikning oldini olish uchun birinchi navbatda ovqatlanish me'yorlarini ko‘rib chiqishimiz kerak bo‘ladi.

Xususan, so‘nggi vaqtlarda kombinat ishchi-xodimlari orasida ham ushbu kasallik bilan og‘riganlar ko‘paygani kuzatilmoqda. Buning sababi, uyidan tayyorlangan ovqatni ish joyiga olib borish va muzlatkichda saqlamay iste'mol qilish natijasida kasallikka chalinish holatlari aniqlandi. Shuning uchun kombinat ishchi-xodimlarini imkon qadar belgilangan oshxonalarda ovqatlanishlarini tavsiya qilardim.

Kasallikka chalinmaslik uchun birinchi navbatda turib qolgan oziq-ovqatlarni iste'mol qilmaslik lozim.

Qaynatilmagan suvlarni iste'mol qilmaslik kerak. Sababi, suvlarda bakteriyalar ko‘payishiga sharoit bo‘ladi.

Tayyorlgan issiq ovqat 2 soatga qolmay yeyilishi kerak. Yeyilmagan taqdirda muzlatkichlarda saqlash tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, hozirda bozorlarda sotilayotgan poliz mahsulotlari bo‘lgan qovun-tarvuzlarning iste'molida ham ehtiyot bo‘lish kerak. Sababi, ular odatda avgust oylarida to‘liq pishgan bo‘ladi. Hozirgi hosilning tarkibida ko‘plab kimyoviy moddalarning uchrashi bois, bolalar iste'mol qilishda ehtiyot bo‘lishi lozim.

Yana bir holatga e'tiborlaringizni qaratishni istardim. Hozirgi to‘y mavsumida go‘shtli va boshqa salatlarni iste'mol qilishda judayam ehtiyotkor bo‘lishni ta'kidlayman.

Yozgi bolalar dam olish oromgohlarida dam olayotgan bolajonlarni ko‘rishga boradigan ota-onalarga ham maslahatim, iloji boricha uyda tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlarini olib bormang. Ayniqsa issiqda tez buzuluvchi mahsulotlarni umuman olib bormagan ma'qul. Yuqoridagi ta'kidlaganimdek, qovun-tarvuzlarni ham bolajonlarga berishda ehtiyotkorlikni unutmang.

Hurmatli hamshaharlar yozning issiq kunlarida oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilishda gigiyena qoidalariga amal qiling, ovqatlanishdan avval albatta qo‘llaringizni yuving. Doimo tozallikka rioya qiling. Salomatligingizni asrang.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech