"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Jonajon yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida hayotimdagi eng quvonchli va unutilmas voqea yuz berdi. Muhtaram Prezidentimizning Farmonlariga ko‘ra, kamtarona mehnatim yuksak baholanib, “Mehnat shuhrati” ordeniga loyiq ko‘rilibman.
Bu xushxabarni menga birinchi bo‘lib fabrikamiz direktori Ravshan Sidiqovning shaxsan o‘zi telefon orqali yetkazib, samimiy tabriklagani ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi. O‘sha lahzadagi hayajonim va quvonchimni so‘z bilan ifodalab bera olmayman. Shu zahoti onamga qo‘ng‘iroq qildim. O‘g‘lining mehnati davlat darajasida e’tirof etilganini eshitib, onaizorimning boshi osmonga yetdi. Volidam darhol duoga qo‘l ochib, yurtimiz tinch va osoyishta ekanligiga, mening mana shunday baxtli kunlarni ko‘rib yashayotganimga Yaratganga shukronalar aytdi.
Men oddiy bir ishchiman. Davlatimiz tomonidan oddiy mehnat ahliga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor menga yangicha kuch-quvvat va ulkan shijoat bag‘ishlaydi. Men ushbu nufuzli ordenni nafaqat o‘zimning, balki kecha-yu kunduz sanoat rivoji uchun ter to‘kayotgan butun jamoamizning, fabrikamiz ishchi va muhandislarining fidokorona mehnatiga berilgan baho deb bilaman. Xodimlarning manfaatlari, xavfsizligi va qulay ish sharoitlari hamisha birinchi o‘ringa qo‘yiladigan jonajon kombinatimizda Vatan ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishda davom etaman.
Menga bildirilgan ushbu yuksak ishonch va ehtirom uchun Yurtboshimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Mirzakarim Abduraimov,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi,
Mis boyitish fabrikasi yanchish va flotatsiyalash sexi maydalovchisi