• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi

31 Yanvar 2022, 14:44 2303

Prezident farmoni bilan 2022−2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi. Unga koʻra, 2026 yilgacha ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan toʻliq qamrab olinadi. Qolaversa, 2023 yildan QQS 12 foizgacha tushiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev «2022−2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida»gi farmonni imzoladi.

Adliya vazirligi xabar berishicha, hujjat bilan «Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili asosida ishlab chiqilgan 2022−2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni «Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.

2026 yilgacha ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to’liq qamrab olinadi.

Joriy yil 1 apreldan esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1−4-sinf oʻquvchilari bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlanadi.

2023 yil 1 yanvardan pensiyani hisob-kitob qilishda ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshiriladi.

Dasturga muvofiq, iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash doirasida 2022 yilda inflyatsiyani 9 foizgacha va 2023 yilda 5 foiz va fiskal taqchillikni 3 foizgacha pasaytirish choralari koʻriladi. 2026 yil yakunigacha bank aktivlarida xususiy sektor ulushi 60 foizgacha chiqariladi.

2023 yildan qoʻshilgan qiymat soligʻi 12 foizgacha va bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik uchun foyda soligʻi 15 foizgacha tushiriladi.

2026 yilgacha energiya samaradorligi 20 foizga oshiriladi va havoga chiqariladigan zararli gazlar 10 foizga qisqartiriladi.

Sharoiti «ogʻir» boʻlgan hududlarda 2025 yil 1 yanvargacha yangi tadbirkorlar uchun aylanmadan olinadigan soliq 1 foiz, yer soligʻi, mol-mulk soligʻi hisoblangan summadan 1 foiz stavkada toʻlash tizimi joriy etiladi.

2025 yil 1 iyuldan tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablar yagona elektron reestri ishga tushiriladi.

2022 yil 1 aprelgacha litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish soddalashtiriladi. Jumladan, muayyan faoliyat bilan koʻchma tartibda, avtotransport orqali shugʻullanish imkoniyati yaratiladi.

25 dan ortiq faoliyat turi boʻyicha monopoliyalar (suyultirilgan gaz yetkazib, neft mahsulotlarini saqlash va boshqalar) tugatiladi.

Farmonda Oʻzbekistonni keyingi 5 yilda rivojlantirishning 7 ta ustuvor yoʻnalishi doirasida 100 ta maqsadlarga erishishga qaratilgan va 2022 yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan 398 ta chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga 2022 yilda umumiy qiymati 55 trillion soʻm va 11,7 milliard dollar miqdoridagi mablagʻlar ajratilishi rejalashtirilgan.

 

Bo`lishmoq:
Text to speech