• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida reyting baholash tizimi joriy etiladi.

19 Yanvar 2022, 14:43 1499

“Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ–81-son, 12.01.2022 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi.

Bunda reyting baholash quyidagi 5 ta yo‘nalish bo‘yicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshiriladi:

  • davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi va amaliyotga tatbiq etilganligi;
  • korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;
  • davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;
  • xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarining samaradorligi.

Reyting baholash tizimi 2022-yil 1-fevraldan boshlab, eksperiment tariqasida, o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan 26 ta davlat tashkilotlari faoliyatiga, 2022 yil 1 iyuldan barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.

Reyting baholash “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali tashkil etiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratiladi.

Bunda, faoliyati:

  • “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilanadi va amalga oshiriladi;
  • “qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi;
  • “qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi, uning ijrosi yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlarini har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning yig‘ilishlarida eshitiladi.

Ketma-ket ikki yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “qoniqarsiz” deb topilgan davlat tashkilotlari rahbarlariga intizomiy javobgarlik choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Bo`lishmoq:
Text to speech