"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJda ishchi-xodimlar o‘rtasida sog‘lom muhitni mustahkamlash va salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, kombinatda onlayn qimorbozlik va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik” chora-tadbirlar rejasi doirasida navbatdagi profilaktik uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Bu galgi tadbirlar Rux zavodi, Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodi, Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasi hamda Avtomobil transporti boshqarmasi kabi tarkibiy bo‘linmalarida tashkil etildi.
Muloqotlar davomida asosiy e’tibor ishchi-xodimlarning moliyaviy-huquqiy mas’uliyatini oshirish, ularni onlayn qimor, firibgarlik va kiberfiribgarlik tuzoqlaridan himoya qilish hamda banklardan olingan kredit mablag‘laridan to‘g‘ri va oqilona foydalanish masalalariga qaratildi. Shu bilan birga, mas’ullar ish joyida vijdon erkinligi, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlash, jamoada o‘zaro hurmat va sog‘lom muhitni shakllantirish lozimligiga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Uchrashuvlarda korxona mulkini ko‘z qorachig‘idek asrash, o‘g‘rilik va mulkka qarshi qaratilgan boshqa turdagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida tushuntirish ishlari olib borilib, har qanday qonunbuzarlik uchun jazo muqarrar ekanligi qat’iy ta’kidlandi. Shuningdek, inson hayotining muqaddasligi, og‘ir vaziyatlarda ruhiy tushkunlikka tushmaslik va o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish hamda xodimlarga vaqtida psixologik ko‘mak berish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish masalalari ham kun tartibidan joy oldi.
Tadbirlarda ishtirok etgan Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB xodimlari jinoyatchilikning huquqiy oqibatlari va statistikasiga to‘xtalgan bo‘lsa, “Hilol” jome masjidi imom noiblari Saidmuhammadxon Maydinxonov va Behzod Sotiboldiyev dinimizda qimor va o‘z joniga qasd qilishning og‘ir gunoh ekanligini hayotiy misollar bilan tushuntirib o‘tishdi.
Shuningdek, OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashining maishiy va psixoanalitik masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Viloyat Davletova xodimlarning psixologik barqarorligini ta’minlash va stress holatlarini yengish bo‘yicha zarur tavsiyalarni berdi.
Bank xodimlari esaishchi-xodimlarning moliyaviy savodxonligini oshirish, tijorat banklaridan olingan kredit mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish hamda turli shubhali onlayn platformalarga mablag‘ tikib, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik yo‘llarini batafsil tushuntirib o‘tishdi. Shuningdek, ular bugungi kunda avj olayotgan kiberfiribgarlik turlari va plastik kartalardan mablag‘larni noqonuniy yechib olish holatlaridan himoyalanish bo‘yicha zarur tavsiya va eslatmalarni berishdi.
Tadbirlarda OKMK boshqaruv raisining maslahatchisi Kamola Umaralieva ishtirok etib, bugungi kunda jamiyatimizda, xususan, yirik ishlab chiqarish korxonalarida xodimlarning maʼnaviy dunyosini asrash, ularni har qanday yot gʻoyalar va zararli illatlardan himoya qilish eng muhim vazifalardan biri ekanligini taʼkidladi.
Ochiq muloqot va savol-javob tarzida o‘tgan ushbu uchrashuvlar xodimlarning huquqiy, moliyaviy va ma’naviy ongini yuksaltirishga, korxonada xavfsiz hamda barqaror ish muhitini ta’minlashga xizmat qiladi.
Axborot xizmati