Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Virtual tuzoq: onlayn qimor va kiberfiribgarlikdan ogoh bo‘ling!

20 Iyul 2026, 10:12 254

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tarkibiy bo‘linmalarida xodimlarni virtual tahdidlardan asrash va ularning huquqiy-moliyaviy savodxonligini oshirish, onlayn qimorbozlikning oldini olishga qaratilgan “Dolzarb 40 kunlik” profilaktik tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Jumladan, Mis boyitish fabrikasi, 3-Mis boyitish fabrikasi hamda “Kovuldi” kon boshqarmasi kabi tarkibiy bo‘linmalarda tashkil etilgan tadbirlada ham mas’ullar bugungi kunda global muammoga aylanib borayotgan onlayn qimor va totalizatorlar, tavakkalchilikka asoslangan turli virtual o‘yinlar hamda kiberfiribgarlikning ayanchli oqibatlariga alohida to‘xtaldilar.

Tadbirlar davomida bunday tuzoqlarning oldini olish chora-tadbirlari, sohadagi qonunchilik talablari va hayotiy achchiq misollar tilga olindi. Mutaxassislar ishchi-xodimlarni raqamli olamdagi xavf-xatarlardan ehtiyot bo‘lishga, shaxsiy va bank ma’lumotlarini sir saqlashga chaqirib, zarur tavsiya va maslahatlar berishdi.

Ayniqsa, so‘nggi paytlarda tobora ommalashib borayotgan onlayn qimorbozlikning inson psixologiyasiga salbiy ta’siri va undan qutulish qiyin bo‘lgan qaramlikni keltirib chiqarishi alohida ta’kidlandi. Ushbu virtual tahdidlardan nafaqat o‘zimizni, balki oilamiz va farzandlarimizni ham asrash bugungi kunning eng dolzarb vazifasi ekani qayd etildi.

Tadbirlarda Toshkent viloyati DXX vakili, harbiy qism komendanti, “Ramazon sharif” va “Hilol” jome masjidlari imom noiblari S.Abdullaxonov, B.Sotiboldiyev, OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashining ijtimoiy-maishiy va psixoanalitik masalalar bo‘yicha bosh mutaxassisi V.Davletova, Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB xodimlari hamda tijorat banklari vakillari qatnashib, mavzu yuzasidan atroflicha muloqot olib borishdi.

Bu kabi ochiq va jonli muloqotlar kombinat ishchilarining nafaqat mehnat faoliyatida, balki kundalik hayotda ham firibgarlik qurboniga aylanib qolmasliklarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech