• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Xalq vakillari va "Mahalla yettiligi" hamkorligi tizimi yo‘lga qo‘yiladi

02 May 2024, 15:46 620

Mamlakatimizda mahallalar darajasida aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va samarali yechimini topish, ijtimoiy himoya tizimining manzilliligi va shaffofligini ta'minlash orqali fuqarolar yashash sharoitlarini yanada yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar bajarilmoqda.

Prezidentimiz aholi muammolarini mahallaning o‘zida hal etish imkonini beruvchi barcha shart-sharoit va imkoniyatlarni, dunyoda muqobili yo‘q yangi tizimni yaratib berdilar.

Tan olish kerakki, ilgari mahallada xalqning dardini tinglaydigan ko‘p sohalarning “egasi” yo‘q edi. Natijada, eng quyi tizimda hal etsa bo‘ladigan masalalar yuzasidan ham odamlarimiz yuqori tashkilotlarga sarson-sargardon bo‘lib borishiga to‘g‘ri kelar edi.

Ilgari aholining muammosini hal qila oladigan vakolatga ega biron-bir odam bo‘lmagan mahallada hozirda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy himoya uchun mas'ul va soliq xodimidan iborat kuchli jamoa shakllandi. Ularni faoliyatini muvofiqlashtiradigan, birdamligini ta'minlaydigan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi haqiqiy ma'noda mahallaning “hokimi”ga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Prezidentimizning 2022-yil 26-dekabrdagi “Mahalla byudjeti” tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-458-son qarori asosida endilikda mahallalar o‘zining “byudjeti”ga ham ega bo‘ldi.

Davlatimiz tomonidan mahalla institutiga mana shunday kuchli vakolat va imkoniyatlar berildiki, endi bu imkoniyatlardan o‘z vaqtida, haqiqiy xalq manfaati yo‘lida foydalanilishni ta'minlash uchun mahalla xodimlarini ham qo‘llab-quvvatlash, ham “mahalla yettiligi” bilan deputatlar o‘rtasida kuchli hamkorlikni ta'minlash talab etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan joriy yil 4-aprel kuni qabul qilingan “Mahallalardagi muammolarni hal etishda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va senatorlarning “Mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori vakillik organlari va “mahalla yettiligi” o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmini aniq belgilab berdi.

Mazkur qaror asosida sohada belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishda “Mahalla yettiligi”ga ko‘maklashish, mahallalarda qabul qilinayotgan qarorlarning haqqoniyligi va asosliligini ta'minlashga, qolaversa, kelajakda (tegishli qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilgach) “ettilik” faoliyatiga deputatlar Kengashining haqqoniy bahosini berishga erishiladi.

Mazkur qaror bilan, mahallalardagi muammolarni hal etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va “Mahalla yettiligi”ning o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish sxemasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va “Mahalla yettiligi”ning o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari aniq belgilab berildi.

Shuningdek, senatorlar mazkur qaror bilan hududlarga biriktirildi. Senatorlar ham har oyda o‘ziga biriktirilgan hududga chiqqan holda Senat Qarorida belgilangan vazifalarning sifatli tashkil etilishida mahalliy Kengash deputatlariga amaliy yordam ko‘rsatib boradilar. Hududlardan yuborilgan takliflarni o‘rganish va muhokama qilish bo‘yicha Oliy Majlis Senati Kengashining sayyor yig‘ilishlariga taklif kiritib boradilar.

Har yarim yilda “Mahalla yettiligi” faoliyati bilan bog‘liq respublika darajasidagi masalalar Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilib, sohaga oid mutasaddilar axborotlari eshitilishi, zarur hollarda aniqlangan muammolar yechimi bo‘yicha Hukumatga takliflar kiritib borilishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, Toshkent viloyatiga Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin  Burxanov, Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonovalar,  viloyatdagi bir qancha tuman-shaharlar (Angren, Bekobod shaharlari, Bekobod, Bo‘ka va Piskent tumanlari) xususan, Olmaliq shahriga esa “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator  Abdulla Xursanov biriktirildi.

Olmaliq shahar Kengashi deputatlari mazkur qarorning ijrosini ta'minlashda namunaviy ish tashkil etishga intilmoqda. Shu maqsadda dastlab qaror mazmun-mohiyatini deputatlarga va “Mahalla yettiligi”ga hamda barcha sohalarning shahar miqyosidagi rahbarlariga yetkazish, vazifalarni taqsimlab olish, shahar miqyosida sifatli ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilning 13-aprel kuni Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi doimiy komissiyalarining ko‘shma majlisida, 15-aprel kuni Kengash kotibiyati bilan hamkorlikda videomuloqot orqali seminar tarzida muloqot qilinib, barcha vazifalar kelishib olindi. 16-aprel kuni esa Toshkent viloyatida birinchi bo‘lib Xalq deputatlari shahar Kengashining 90-sessiyasida mazkur masala muhokama qilinib, sessiya qarori qabul qilindi.

Natijada Kengash deputatlari "Mahalla yettiligi" bilan hamkorlik qilish asoslari yaratildi. Mazkur ishni bajarish uchun har bir deputat 2 tadan mahallaga biriktirildi. Deputatlar har haftada bir marta o‘ziga biriktirilgan mahallaga borib, aholi murojaatlarini qabul qilmoqda. Mahalladagi hal bo‘lmagan masalalarni Kengash doimiy komissiyalari muhokamasiga kiritilish, shahar darajasida yechiladigan muammolarni esa sessiyaga olib chiqish uchun Kengash kotibiyatiga topshirilishi ta'minlanyapti. Boshlangan qabullarda 29-aprel xolatiga 6 nafar deputatlar o‘zlariga biriktirilgan 7 ta mahallada aholining murojaatlarini qabul qildilar. Dastlabki qabullar jarayonida jami 57 nafar  fuqarolarning 74 ta murojaatlari deputatlar boshchiligida, yettilik va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida, Kengash kotibiyatida tashkil etilgan murojaatlar telegram messenjeridagi “bot” orqali esa 10 nafar fuqarolarning murojaatlari qabul qilindi. Qabul qilingan murojaatlarning 11 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa 8 tasiga huquqiy tushuncha berildi. Muddat talab qiladigan 55 ta murojaat esa deputatlar nazoratiga olinib, muhokamalarga kiritilmoqda.  

Qolaversa, deputatlar “mahalla yettiligi” faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularga ko‘mak berishi bilan birgalikda Kengash sessiyasida o‘ziga biriktirilgan "Mahalla yettiligi" faoliyatiga baho beradigan tizim yaratilmoqda.

Deputatlarning aholini qabul qilish manzillari va vaqti oldindan ijtimoiy tarmoqlar orqali ma'lum qilib borilayotganligi, deputat qabuliga borolmagan fuqarolar uchun onlayn qabul qilishga mo‘ljallangan telegram messenjeridai “bot” manzilining joriy qilinganligi hamshaharlarimizni yanada mamnun qilmoqda.

Senatorlar va deputatlarimizning “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlik asosidagi ishlari davom etadi.

Ergash Abdurayimov,

Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi kotibiyat mudiri

Bo`lishmoq:
Text to speech