"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Ma’lumki, 2026-yil 2–4-iyun kunlari Samarqand shahrida “ECO EXPO CENTRAL ASIA” xalqaro ekologik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli xalqaro ekologik ko‘rgazmada “Olmaliq KMK” AJ faol ishtirok etdi.
Ushbu xalqaro tadbir Markaziy Osiyo mintaqasida atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, yashil iqtisodiyot, ESG tamoyillarini joriy etish va ekologik innovatsiyalarni rivojlantirish sohasidagi yirik maydonlardan biri hisoblanadi. Ko‘rgazmada 136 nafar xorijiy delegatlar, xalqaro moliya institutlari, ekologik tashkilotlar, ilmiy markazlar va sanoat korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Ko‘rgazma doirasida “Olmaliq KMK” AJning atrof-muhitni muhofaza qilish, resurs tejamkorlik, chiqindilarni boshqarish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda ESG yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlari bo‘yicha maxsus stendi tashkil etildi. Stend xorijiy delegatsiyalar va investorlarda katta qiziqish uyg‘otib, kombinatning ekologik loyihalari va investitsiyaviy salohiyati yuzasidan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tadbir davomida bir qator muhim kelishuvlarga erishildi.
Xususan, “Olmaliq QMK” AJ hamda Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi “Green University” huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida ishlab chiqarish texnologik jarayonlarida hosil bo‘layotgan oqova suvlarni tozalash inshootlari samaradorligini oshirish, zamonaviy suv tozalash texnologiyalarini joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, innovasion ishlanmalarni ishlab chiqarishga tadbiq etish hamda mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Shuningdek, “Sredazsvetmetenergo” va “Eco Power & Charge” kompaniyalari hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan Ohak zavodida hosil bo‘layotgan tashlama chang-gaz oqimlarini samarali ushlab qolish hamda ularni qayta ishlash asosida texnik gazlar, jumladan, suyuq azot olish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Hamkorlik memorandumida Waste Heat Recovery (WHR) texnologiyalari orqali chiqindi issiqlik energiyasidan foydalanib, qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasini ham amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur loyihaning muhim jihati uni xalqaro ekologik va iqlim fondlari mablag‘larini jalb qilish orqali moliyalashtirish imkoniyatlarini ishlab chiqishdan iborat bo‘lib, muzokaralar jarayonida loyihani yashil moliyalashtirish mexanizmlari asosida amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ko‘rgazma doirasida xorijiy mutaxassislar, investorlar va texnologiya yetkazib beruvchilar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilib, chiqindilarni qayta ishlash, atmosfera havosini muhofaza qilish, suv resurslarini boshqarish, dekarbonizatsiya va ESG sohalarida tajriba almashildi hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Shuningdek, ko‘rgazma ekspozitsiyalarida taqdim etilgan zamonaviy suv tozalash uskunalari, chang-gaz tozalash qurilmalari, avtomatlashtirilgan ekologik monitoring tizimlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalar o‘rganildi. Ularning texnik va iqtisodiy samaradorligi tahlil qilinib, kelgusida kombinat korxonalarida joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha tashkilotchilar tomonidan “Olmaliq KMK” AJning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirayotgan ishlari yuqori baholandi. Kombinat ekologik xizmat xodimlariga ko‘rgazmadagi faol ishtiroki, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va ekologik tashabbuslarni keng targ‘ib qilganligi uchun minnatdorchilik bildirilib, tegishli sertifikat topshirildi.
Xulosa qilib aytganda, “ECO EXPO CENTRAL ASIA – 2026” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish natijasida kombinatning xalqaro ekologik imiji mustahkamlandi. Ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyaviy imkoniyatlar o‘rganildi hamda kelgusida xalqaro ekologik fondlar mablag‘larini jalb qilgan holda yirik ekologik loyihalarni amalga oshirish uchun amaliy asos yaratildi.
Davronbek Abduraxmanov,
OKMK Atrof-muhitni
muhofaza qilish bo‘lim boshlig‘i