• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33
  • Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33

Xalqaro hamkorlik: lider-ayollar hamjamiyati

14 Aprel 2025, 17:26 996

Jamiyatning, millatning beqiyos rivoji, yurtning gullab-yashnashi Ayolning e'tiqodi, diyonati, ahloq-odobi, halolligiga juda-juda bog‘liq. Donishlar ana shunday fikrlarni bayon etarkan, qirqta joni yana ming bir bo‘lakka bo‘lina oladigan, ezgulik mehrobiga mengzalgan, har bir millat, har qanday tuzum doimo muhtoj bo‘lgan Ayol xonadonlarga chiroq, el-yurtga tayanch bo‘laoladi.

Kuni-kecha Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyatining tashabbusi bilan xalqaro hamkorlik sohasida ayol-liderlar hamjamiyatining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvga shahar va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidagi faol, o‘z sohasining yetakchi vakilalari bo‘lgan xotin-qizlar taklif etildi.

Uchrashuvda spiker sifatida qatnashgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Farida Qosimova, MTTU MISiS Olmaliq filiali kafedrasi mudiri Barnoxon Temerbekova, Siemens Healthineers kompaniyasining Rossiya va Markaziy Osiyo mintaqasidagi bosh direktori Svetlana Gerbel, INDUSTRY PROJECTS ACQUISITION AND IMPLEMENTATION kompaniyasining Sanoat loyihalarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha bosh direktori Svetlana Valueva-Baetz, moderatorlar KfW IPEX Bank GmbH guruhi Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bank bo‘limi boshlig‘i Yekaterina Galitsina va OKMKning Toshkent shahridagi vakolatxonasi rahbari, kombinat Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha Maslahat kengashi raisi Feruza Hamidovalar ishtirok etdi.

Jamiyat va hayotda o‘z o‘rni, mavqeiga ega bo‘lgan bu xotin-qizlar shu darajaga yetgunigacha bo‘lgan hayot yo‘llari, o‘qish, ish faoliyatlari, oilasi va ishidagi kamchilik hamda muammolarni qanday yengib o‘tgani haqida tadbir ishtirokchilariga to‘lqinlanib hikoya qilib berdilar.

-   Men erkaklar bilan bir safda oddiy ishchi bo‘lib ishlardim. Ammo hayot va jamiyatda o‘z o‘rnimni topish asosiy maqsadim edi. Vaqti-soati kelib turmushga chiqdim. Ikkinchi farzandim tug‘ilganida, nafaqat oilada, bola tarbiyasida, balki jamiyatda ham o‘z yo‘limni topish menga tinchlik bermasdi. Men bir paytlar boshlagan ilmiy ishimni davom ettirishga qaror qildim. Ilmiy rahbarim bilan bog‘lanib, ilmiy ishimni doim tekshirtirib turdim. Ilmiy ishimni yoqlashimga bir oy qolganida, ma'lum bir sabablarga ko‘ra, kompyuterdagi ilmiy ishim o‘chib ketdi. To‘g‘risi, tushkunlikka tushib, rahbarimdan ilmiy ishni yoqlashni keyinroqqa surishini so‘radim. Ammo ustozim menga dalda berib, belgilangan vaqtda yoqlashimni, qo‘lyozmalarni, yana boshqa bor ma'lumotlarni topib, ilmiy ishimni tayyor qila olishimga ishontirdi. Men ikkita yosh bolam bilan yana tunni tongga, kunduzlarni oqshomga ulab, kompyuter stoliga o‘tirdim va o‘zimda iroda topib, qo‘limdagi bor qo‘lyozmalar, manbalar asosida ilmiy ishimni deyarli qayta yozdim.  O‘shanda hattoki eng yaqin insonlarim menga ishonmagandi. Shunga qarmay   maqsadim yo‘lida har qanday to‘siqni va qo‘rquvlarimni yengib o‘tishga o‘zimda kuch topdim. Eng quvonarlisi, yoqlagan ilmiy ishimga juda yuqori baho berishdi. Mana bugunga kelib, oilam men bilan faxrlanib, doim qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, - deya o‘z xotiralari - boshidan kechirgan qiyinchiliklar, qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari bilan o‘rtoqlashadi yosh olima Barnoxon Temerbekova.

“Mening shaxsim: men kimman?”, “Oila va kasbiy faoliyatdagi majburiyatlar”, “Kuch-iroda topish va liderga aylanish yo‘li” kabilar muhokamalarning asosiy mavzuiga aylandi.

Qat'iyat, faqat oldinga bo‘lgan intilish sabab, ijtimoiy, ruhiy, iqtisodiy to‘siqlarni yenga olish, ayol qaysi yoshda bo‘lmasin o‘z ustida ishlashi, zamonaviy bilimlarni egallashi, doimo liderlikka intilishi, murakkab vaziyatlarni yengib o‘tish, hech qachon ikkilanmaslik, har qanday holatda ham o‘zida kuch topib, yiqilganda tura bilish, qaddini tiklab, yo‘lida davom eta olishdek matonatni qanday topganlari haqida hikoya qilib bergan spiker va moderatorlar tadbirga yig‘ilgan xotin-qizlarga juda katta motivatsiya bera oldi.

Zero ruhan kuchli, irodasi mustahkam, tafakkuri boy, zakovatli ayollargina jamiyatning haqiqiy gultojiga aylanadilar.

Ana shunday boy va sermazmun o‘tgan davra suhbatidan so‘ng, tadbir ishtirokchilari dunyodagi eng yirik konlardan biri bo‘lgan Qalmoqqir konidagi texnologik ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Megaloyiha doirasida barpo etilayotgan, yiliga 60 mln tonna ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan, ulkan qurilish maydoni bo‘lgan 3-Mis boyitish fabrikasidagi asr bunyodkorligi tadbir ishtirokchilarini hayratga soldi.

Tadbir moderatori, lider ayollardan biri bo‘lgan Yekaterina Galitsinaning( KFW IPEX Bank  - Yangi mis eritish kompleksini moliyalashtirishda ishtirok etuvchi bank) tadbir bo‘yicha fikrlari bilan tanishamiz:

-  Bugun juda muhim voqea yuz berdi - O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha yetakchi ayollarning birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bir yil avval Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidagi yetakchi ayollardan biri Feruza Hamidova bilan mana shunday lider ayollar uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib turishni, haqiqiy xotin-qizlar hamjamiyatini yaratishni niyat qilgan edik. Mana bugun o‘sha rejamiz amalga oshdi. Buning bir necha sabablari bor. Buning sabablaridan biri, albatta, OKMKning xalqaro hamkorlar tarmog‘ini qanday rivojlantirayotgani, barcha bozorlarda juda faol ishlayotganidir. Ma'lumki, Yevropa kombinatning muhim hamkorlaridan biridir.

Bugun ayollarni hayotning turli sohalarida - u siyosatmi, iqtisodiyotmi, ijtimoiy faoliyatmi – bari-barchasida faol ekanligiga guvoh bo‘layapmiz. Biz bugungi tadbirlar orqali ayollarni, yosh qizlarni ezgulik yo‘lida albatta keyingi qadamni tashlay olishga undamoqchimiz. Bugungi tadbirda ajoyib spikerlar, turli sohalardagi yetakchi ayollar yig‘ildi. Ular orasidan OKMKda obro‘-e'tibor qozongan, karyerasiga ega ayollarni, xalqaro hamkorlar orasida Germaniya banklari, Yevropa kompaniyalari, tibbiyot, bank sohasi, iqtisodiyotning real sektorida faoliyat yuritayotgan lider ayollarni kuzatishimiz mumkin.

Bizning keyingi maqsadlarimiz jamiyatimizni birlashtirish, imkon qadar ko‘proq xotin-qizlarni jalb qilish va albatta, yosh qizlarni o‘z sohalarining yetuk mutaxassislari bo‘lishga, o‘zlarining sevimli mashg‘ulotlarida keyingi qadamni qo‘yishdan qo‘rqmaslikka undash va ilhomlantirishdir.

Xalqaro hamkorlik sohasida ayol-liderlar hamjamiyatining birinchi uchrashuvi ana shunday sermazmun va sermahsul bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab xotin-qizlarni o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlari yo‘lida sobit turishga, ikkilanishlarni yengish va doim oldinga intilishga ulkan ruhiy-ma'naviy kuch beraolgan bunday tadbirlarni endilikda moliyaviy savodxonlikni oshirish, tibbiyot va shu kabi dolzarb mavzu hamda yo‘nalishlarda o‘tkazish, doimiy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga va tadbirlarni yanada kengroq auditoriyalarda o‘tkazishga kelishib olindi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izohingiz yoki to`gri versiya:

Close menu