Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Xalqaro hamkorlik: Xitoylik professor va talabalar OKMKda

21 Iyul 2026, 8:44 226

Bugungi globallashuv davrida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash - ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirishni taqozo etmoqda. Xalqaro tajriba almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar va akademik mobillik dasturlari esa bu boradagi eng samarali vositalardan biri hisoblanadi.
Shu yoʻnalishda kuni kecha Toshkent davlat texnika universiteti hamda Xitoy togʻ-kon va texnologiya universiteti (China University of Mining and Technology – CUMT) professor-o‘qituvchilari va talabalari yozgi maktab dasturi doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurishdi.

Dastavval delegatsiya a’zolari ma’danlar ochiq usulda qazib olinuvchi Qalmoqqir konida bo’lishib u yerdagi texnologik jarayonlar bilan yaqindan tanishdilar.

- Men Xitoy togʻ-kon va texnologiya universiteti talabasi sifatida yozgi maktab dasturi doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurganimdan juda mamnunman. Ishlab chiqarishning to‘liq jarayoni bilan yaqindan tanishish biz uchun katta tajriba va qimmatli bilimlar manbai bo‘ldi.

Bu tashrif Xitoy va Oʻzbekiston o‘rtasidagi togʻ-konchilik sohasidagi hamkorlik salohiyatini yanada yaqqol his etishimga xizmat qildi. Ishonchim komilki, yozgi maktabning qolgan kunlari ham biz uchun yanada samarali va mazmunli o‘tadi, - Xitoy togʻ-kon va texnologiya universiteti talabasi You Ran

Ma’lumot o‘rnida: 1909-yilda tashkil etilgan Xitoy togʻ-kon va texnologiya universiteti kon muhandisligi yo‘nalishidagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Maskan geologiya, mineral resurslarni qazib olish, geotexnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamli konchilik yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydi. Bugungi kunda markazda 33 mingdan ortiq talabalar tahsil oladi, ilmiy tadqiqotlar esa dunyoning ko‘plab yetakchi universitetlari va sanoat korxonalari bilan hamkorlikda olib boriladi.

Yuan Yun, Xitoy togʻ-kon va texnologiya universiteti Togʻ-kon muhandisligi fakulteti dekani o‘rinbosari - Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyati bilan yaqindan tanishganimizdan mamnunmiz. Ushbu tashrif zamonaviy tog‘-kon sanoatidagi yuksak yutuqlar va modernizatsiya jarayonlarini bevosita ko‘rish, qimmatli tajriba orttirish imkonini berdi. Toshkent davlat texnika universiteti bilan uzoq yillik samarali hamkorligimiz professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar hamda yozgi maktab dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

Samimiy mehmondo‘stlik va yuksak e’tibor uchun Toshkent davlat texnika universiteti hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyatiga delegatsiyamiz nomidan minnatdorchilik bildiraman.

Tashrif davomida mehmonlar “Metallurg” madaniyat saroyida bo’lishib, bu yerdagi muzeylar orqali kombinatning bunyod etilish tarixi, korxona bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li hamda bugungi yutuqlari bilan yaqindan tanishdilar.

Ta’kidlash joizki, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga qaratilgan bunday tashabbuslar kelajakda xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Xitoyning ilg‘or ta’lim tajribasi hamda OKMKning ko‘p yillik amaliy salohiyati uyg‘unligi nafaqat soha rivojiga xizmat qiladi, balki O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlik hamda do‘stona aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.

Axborot xizmati

 

Bo`lishmoq:
Text to speech