Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Xalqaro ilmiy aloqalar rivoji yo‘lida muhim qadam

23 Fevral 2026, 9:53 132

O‘zbekiston-Yaponiya Yoshlar Innovatsiya markazi hamda OKMK o‘rtasida bir necha yillardan buyon o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hamkorlik doirasida bir qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, markaz tashabbusi bilan OKMK O‘quv markazi hamkorligida joriy yilning 20-fevral kun Muhandislik maktabida xalqaro uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv doirasida Muhandislik maktabi tinglovchilari uchun seminar ham tashkil etilib, unda O‘zbekiston-Yaponiya Yoshlar Innovatsiya markazi vakili, Yaponiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari professorlari, jumladan Kyushu universiteti professorlari Yuchi Sugai hamda Hajime Miki, Vaseda universiteti professori Keiko Sasako ishtirok etishdi.

Olimlar seminar davomida ilmiy faoliyat va zamonaviy tadqiqotlar bo‘yicha taqdimotlar bilan chiqish qildilar.

Xususan, kun chiqar yurt vakillari seminar davomida uglerod-neytral jamiyatga erishish maqsadida “yashil” va “ko‘k” vodorod ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratishga qaratilgan SATREPS xalqaro dasturi doirasidagi ilmiy natijalarni taqdim etishdi.

Muzokaralar jarayonida ishtirokchilar mintaqa sanoatiga innovasion yechimlarni joriy etish istiqbollari, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish hamda Yaponiyaning yetakchi texnik universitetlari bilan strategik hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Bu kabi uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalar almashinuvi masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Shuningdek, Yapon ilmiy-ta’lim delegatsiyasi Olmaliq davlat texnika institutiga tashrif buyurib, u yerda “Kon elektrotexanikasi” va “Konchilik ishi” kafedralari o‘quv korpusi faoliyati bilan tanishdilar.

Kyushu universiteti va Vaseda universiteti professorlari talabalarga o‘z oliygohlarining ilmiy salohiyati, laboratoriya bazasi hamda magistratura yo‘nalishlari haqida ma’lumot taqdim etdilar. Ayniqsa, akademik mobillik istiqbollari, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida Yaponiya tomoni oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida integratsiya masalalarini ko‘rib chiqishni, jumladan qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, stajirovkalar tashkil etish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.

Yapon ilmiy-ta’lim delegatsiyasi delegatsiyasining tashrifi xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va kon-metallurgiya sohasida zamonaviy ekologik texnologiyalarni ilgari surishda muhim qadam bo‘ldi.

Ulug‘bek Igamberdiyev,

O‘quv markazi yetakchi muhandisi

Bo`lishmoq:
Text to speech