Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Xalqaro kodekslarning qazilma zaxiralarini baholashdagi ahamiyati

09 Iyul 2025, 8:39 875

Kuni kecha Muhandislik maktabining "Konchilik ishi" yo‘nalishi tinglovchilari uchun muhim seminar tashkil etildi.

Seminarda Geologiya qidiruv partiyasi yetakchi geologi N.A'zamov, mineralogiya sohasi mutaxassisi S.Masharipova hamda MTTU MISIS Olmaliq filifalining yosh bitiruvchilari ishtirok etishdi.

Seminar davomida hozirgi kunda xalqaro miqyosda keng ommalashib borayotgan JORC Kodeksi va unga muqobil NI 43-101 (Kanada), CRIRSCO, SAMREC (Janubiy Afrika) kabi boshqa xalqaro kodekslarning asosiy tamoyillari hamda ularning qazilma zahiralarini baholashdagi ahamiyati keng muhokama qilindi.

Tinglovchilarga JORC kodeksidagi asosiy mezonlar — shaffoflik, tegishlilik, ishonchlilik va materiallik kabi tamoyillar haqida amaliy misollar yordamida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, mutaxassislar xalqaro standartlar asosida geologik axborotni tayyorlash, tahlil qilish va investorlar uchun ochiq shaklda taqdim etish usullarini yoritib berishdi.

I. Raxmatillayev, Toshkent Davlat Texnika univesiteti katta o‘qituvchisi: - "Konchilik ishlari to‘g‘ri tashkil etilishida geologik ma'lumotlarning aniq va ishonchli bo‘lishi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qazilmalarning zahirasi, ularning joylashuvi, strukturasi va tarkibiy xususiyatlari – bularning barchasi avval geologiya fani orqali aniqlanadi. Shu sababli, talabalarimiz nafaqat konchilik texnologiyalarini, balki xalqaro geologiya standartlarini ham chuqur o‘rganishlari zarur."

Seminar davomida yosh mutaxassislar o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashib, tinglovchilar bilan faol muloqotda bo‘lishdi. Ushbu uchrashuv nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlashga, balki amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga ham xizmat qildi.

Mazkur tadbir Muhandislik maktabida xalqaro tajribalarni o‘rganish va ilg‘or geologiya-konchilik bilimlarini o‘zlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech