Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Xitoyning “Nerin Engineering” kompaniyasi va Eksport-import banki vakillari OKMKda bo‘lishdi

15 May 2026, 9:19 127

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan sanoatga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda yuqori texnologik tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash barobarida OKMKning xalqaro munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Ana shunday strategik sheriklik doirasida kuni kecha kombinatga Xitoy Xalq Respublikasining tog‘-kon va metallurgiya sohasidagi eng yirik muhandislik korxonalaridan biri — "China Nerin Engineering Co., Ltd." hamda yirik Eksport-import banki vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya tashrif buyurdi.

Тa'kidlash kerakki, “Nerin” kompaniyasi tog‘-kon sanoatida boyitish va eritish texnologiyalari, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish hamda ekologik yechimlar bo‘yicha dunyodagi yetakchi EPC-pudratchilardan biri hisoblanadi. Тashrif davomida kombinat rahbariyati hamda xitoylik hamkorlar o‘rtasida OKMKning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi metallurgiya majmuasini barpo etish yo‘nalishidagi loyihalar atroflicha muhokama qilindi. Ma'lumot uchun, mazkur kompaniya kombinatda barpo etilayotgan majmuaning shlaklarni boyitish fabrikasi qurilishida ishtirok etadi.

Mehmonlar “Metallurg” madaniyat saroyida joylashgan kombinatning shonli tarixi muzeyi bilan yaqindan tanishgach, “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlarining kuzatuv maydonlarida bo‘lishdi. U yerda mutaxassislar xorijiy hamkorlarga zaxiralarni ochiq usulda qazib olish ko‘lamlari va ishlatilayotgan og‘ir texnikalar haqida batafsil ma'lumotlar berishdi.

Xuan Syan — “Nerin Engineering” kompaniyasi Xalqaro biznes bo‘yicha ofisi direktori: - “Bizning kompaniyamiz rangli metallurgiyaga oid texnologiyalar va uskunalar bilan shug‘ullanadi. Aynan mis sanoati bo‘yicha dunyodagi yetakchi muhandislik korxonalaridanmiz. OKMK mis ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori resurslarga ega. Sizlarga mahsulot hajmini ko‘paytirish hamda ish samaradorligini oshirish maqsadida o‘z texnologiyalarimizni taklif etyapmiz. Kelajakda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish investitsiyaviy loyihasi doirasida Mis eritish zavodini rekonstruksiya qilish jarayonlarida ham ishtirok etamiz”.

Xorijiy delegatsiya a'zolari yangi qurilgan 3-Mis boyitish fabrikasidagi ish jarayonlarini ham bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, korxonaning raqamli texnologiyalarga asoslangan boshqaruv tizimi mehmonlarda yorqin taassurotlar qoldirdi.

Тashrif davomida xitoylik ishbilarmonlar va bankirlar Mis eritish zavodining texnologik zanjirini dispetcherlik xonasidan kuzatib, kombinatga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish hamda yirik xorijiy investitsiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirish uning nafaqaat mamlakat, balki jahon mis bozoridagi yetakchilik mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Kombinat va Xitoyning yirik moliya hamda sanoat kompaniyalari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv ham hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech