Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Foydali qazilmalarning sanoat zahiralari va resurslari ko‘p jihatdan O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining imkoniyatlarini belgilab beradi. Shu ma'noda mis-molibden, polimetall va oltin tarkibli ma'danlarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyoda yetakchi sanaluvchi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining yuksalib borishida muhim o‘rin tutib kelmoqda.
Yildan yilga kombinatda boy tarkibli istiqbolli ma'dan maydonlari o‘rganilib, ularning bosqichma-bosqich o‘zlashtirib borilayotgani nafaqat Respublika yalpi ichki mahsuloti hajmining o‘sishiga, balki rangli va noyob metallarning jahon bozorlaridan o‘rin olishiga xizmat qilmoqda.
Xususan, ana shunday konlardan biri “Xondiza” koni Hisor tog‘ tizmasining janubiy-g‘arbiy yon bag‘rida joylashgan bo‘lib, kon geologik jihatdan bir qator foydali qazilmalarga istiqbolli mintaqa sifatida baholangan. Hozirgi kunda ushbu konda tadqiqot ishlari davom ettirilgan holda yangi maydonlar o‘rganilib borilmoqda.
Ma'lumki, so‘nggi yillarda “Olmaliq KMK” AJda raqamlashtirish ishlari jadal amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida kombinatimiz o‘tmishi va kelajagi haqidagi ma'lumotlarni saqlash va undan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda geologiya xizmati misolida e'tibor bersak, har bir tarixiy ma'lumot yillar o‘tgan sari qiymati o‘zgarmasligi va kelajakdagi hisob-kitoblarga poydevor bo‘lishini ko‘rishimiz mumkin. Yirik hajmdagi ma'lumotlardan raqamlashtirish, ya'ni ma'qul dasturiy ta'minotlar yordamida foydalanish maqsadga muvofiqligi dunyo tajribalarida tasdiqlangan.
Hozirgi vaqtda kombinatimiz tajribasida birinchi marta SURPAC dasturi ish jarayonida ekspluatatsion modeli “Xondiza” koni misolida tuzildi. Ushbu dastur yordamida yer osti kon lahmlari ortlar va bo‘lma kesimlardan olingan ma'lumotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri geologik dala jurnaliga kiritiladi va hujjatlashtirish ishlari raqamli jadvallar to‘ldirish orqali bajariladi. Bu esa ma'lumotlar bazasini tuzishdagi xatoliklardan hamda ortiqcha vaqt sarflashning oldini oladi. Mazkur bajarilgan qadamlar amaldagi jarayonga nisbatan ancha qulayligi bilan e'tiborga molikdir.
Dala geologik jurnalida olinadigan ma'lumotlar - tog‘-kon lahmi nomi, uzunligi, tog‘ yo‘nalish azimuti, olingan namuna uzunligi, olingan namuna nomi, tog‘ jinsini nomi, olingan namunadan chiqqan metall tahlil javoblaridir.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Xondiza” konida olib borilayotgan raqamlashtirish jarayonlari geologik ishlarda muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda. Jumladan, zamonaviy geologik dasturlar yordamida aniqlangan ma'dan tanalari, ularning yotish burchaklari shakli, xajmi va ularni aniqlash uchun o‘tilgan qidiruv kon lahmlari, burg‘u quduqlarga doir ma'lumotlarni bir vaqtning o‘zida ko‘rish imkoniyatini berayapti.
Bundan tashqari, biz geologlar “Xondiza” konidagi geologik dastur orqali foydali qazilmalarni qazib olishdagi yo‘qotilish va sifatsizlanishning oldini olish, qazib olish tizimini tanlash va foydali qazilmalarni hajmini hisoblash kabi ishlarni ham amalga oshirib kelmoqdamiz. Bu esa geologik ma'lumotlarni sifatliligi va tez aniqlanishini ta'minlashi bilan bir qatorda ularni ishonchli saqlanishiga zamin yaratadi.
Azizbek Yusupov,
“Xondiza” shaxtasi uchastka geologi