Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!”

06 Avgust 2026, 8:51 169

OKMKda Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar. Tarkibiy bo‘linmalarda taniqli ijodkorlar ishtirokida uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida yurtimiz bo‘ylab mustaqilligimizning 35 yillik shonli sanasi munosib qarshi olinmoqda. Respublikamizning ko‘p ming sonli mehnat jamoasiga ega bo‘lgan OKMK ishchi-xodimlari o‘rtasida ham eng ulug‘ va eng aziz ayyom shukuhini ulashish maqsadida taniqli shoirlar, yozuvchilar, adib va olimlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, kuni kecha Markaziy tahlil laboratoriyasida bo‘lib o‘tgan ijodiy kechada “Ma’naviy hayot” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, shoir Shodmonqul Salom, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi “FAN” nashriyoti direktori, taniqli shoir Elyor Murod hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nodira Mahmudovalar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida ijodkorlar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishishib, ma’danlarning kimyoviy tahlil jarayonlarini bevosita kuzatishdi.

Samimiy muloqot va ijodiy ruhda o‘tgan uchrashuvda shoirlar o‘zlarining Vatan, sadoqat va insoniy qadriyatlarni tarannum etuvchi she‘rlaridan namunalar o‘qib berdilar.

Tashrif davomida ijod ahli mamlakatimiz sanoatida muhim strategik ahamiyatga ega, yirik investitsiyaviy loyiha doirasida bunyod etilgan 3-Mis boyitish fabrikasida ham bo‘lishdi.

Boyituvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuv mustaqilligimiz tarannum etilgan qaynoq she’rlar bilan yuqori saviyada o‘tdi.

Xuddi shunday ma’naviy-ma’rifiy kecha Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasida ham tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli shoira, jurnalist va muharrir Ozoda Bekmurodova,“Sharq yulduzi” jurnali bo‘lim mudiri, shoir Nasrullo Ergash, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti yetakchi ilmiy xodimi shoira Dilafruz Chorieva hamda Temiryo‘lchilar madaniyat saroyi katta xonandasi Nursuluv Tursunovalar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda ijodkorlar mustaqillik yillarida mamlakatimizda erishilgan yutuqlar, xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yurtimiz iqtisodiyotidagi beqiyos o‘rni va ishchi-xodimlarning fidokorona mehnatini alohida e'tirof etishdi. Shoirlarning jozibali she'rlari temiryo‘lchilar qalbidan chuqur joy oldi.

Ma’naviyat karvonining navbatdagi manzili otashqalb metallurglar hamda boyituvchilar kompleksi bo‘ldi. Uchrashuvda inson mehnatini ulug‘lovchi jo‘shqin ijod namunalari o‘qib eshittirilib, kombinatning iqtidorli xodimlari ham o‘z qalamiga mansub bo‘lgan she’rlarini taqdim etishdi.

Ushbu esda qolarli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv va ijodiy kechalar nafaqat ishchi-xodimlarga ko‘tarinki kayfiyat va madaniy xordiq ulashdi, balki ijodkorlarning o‘ziga ham yangi asarlar yaratish uchun ulkan ilhom manbai bo‘lib xizmat qildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech