Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Yagona xalq, yagona vatan, yagona maqsad”

09 Iyun 2026, 14:8 256

O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona xalq, yagona vatan, yagona maqsad” shiori ostida “Metallurg” madaniyat saroyida ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi. OKMK Ma'naviyat va ma'rifat kengashi tashabbusi bilan o'tkazilgan ushbu kechada O'zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, faxriy senator, taniqli ijodkor Farmon Toshev bilan samimiy ijodiy uchrashuv bo'lib o'tdi. Tadbirda “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati, kombinat tarkibiy bo'linmalarining fidoiy ishchi-xodimlari, shahar aholisi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Farmon Toshev o'z chiqishida mustaqillik yillarida mamlakatimizda kechgan tarixiy yangilanishlar va keng ko'lamli islohotlar haqida chuqur mushohadali fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, muallif tomonidan o'qib eshittirilgan ijod namunalari va Vatanni madh etuvchi she'rlar yig'ilganlar qalbida katta taassurot qoldirdi.

Kechaning ikkinchi qismida sahnaga ko'tarilgan Samarqand maqom ansambli madaniyat saroyini sehrli va jozibali ohanglar og'ushiga g'arq etdi. Mustaqillikning eng katta tarixiy yutuqlaridan biri — uzoq yillar davomida unutilib, soyada qoldirilgan boy madaniy merosimiz, xususan, milliy maqom san'atining qayta tiklanishi va dunyo tan olishidir. Bugun davlat darajasida asrab-avaylanayotgan ushbu jonli ijro va qadimiy kuy-qo'shiqlar tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi.

Uchrashuvda so'z olgan ziyolilar adibning o'ziga xos uslubi, asarlaridagi vatanparvarlik va xalqona ruh haqida alohida to'xtalib oʻtdilar.

Shoir qalamiga mansub ijod namunalari jarang sochgan tadbir Samarqand maqom ansamblining konsert dasturi bilan ko'tarinki ruhda davom etdi.

Kecha davomida yangragan kuy-qo'shiqlar, adibning otashin she'rlari va dildan qilingan suhbatlar yig'ilganlarga unutilmas taassurot ulashdi. Zero, mana shunday ijodiy uchrashuvlar yurtimizda hukm surayotgan "Yagona xalq, yagona vatan, yagona maqsad" gʻoyasini jamiyatimiz hayotida yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati tomonidan tashrif buyurgan mehmonlarga minnatdorchilik bildirilib, esdalik sovg'alari taqdim etildi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech