Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Mis eritish zavodi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kon qazib olish, boyitish, qayta ishlash kabi ishlab chiqarish jarayonlari zanjirining yakuniy hal qiluvchi muhim bo‘g‘indir. Aynan Mis eritish zavodida o‘z safida 36 mingga yaqin ishchi-xodimlarni birlashtirgan korxonaning mashaqqatli mehnatlari mahsuli yuz ko‘rsatadi.
Mazkur korxonani bunyod etish haqida qaror 1958 yilning 17 mayida qabul qilingan. O‘sha davrda zavod qurilishi zarbdor bunyodkorlik uchastkasi deb e'tirof etilib, keng miqyosda qurilish ishlariga kirishilgan. 1963 yilga kelib 17 ta pudratchi qurilish tashkilotlari tomonidan ob'yektning asosiy uskunalarini montaj qilish va tayyor holga keltirishga muvaffaq bo‘lingan. 1963 yilning 25 noyabrida Mis eritish zavodining yallig‘ qaytarish pechi qizdirish uchun yoqildi. O‘sha yilning 31 dekabr kuni soat 13:30 da ilk marotaba metall eritish amalga oshirilib, korxonaning birinchi mahsuloti - tarkibida 98,6% mis bo‘lgan mahsulot quyildi.
1964 yilning 14 aprelida Sobiq ittifoqda birinchi bo‘lib misni qo‘zg‘aluvchan anod pechlarida keraksiz jinslardan olovli usulda tozalash amalga oshirildi. Zavodning Misni elektroliz qilish sexini qurish ishlari 1964 yil sentyabrida to‘liq yakunlandi. 17 sentyabr sanasiga kelib elektrod vannalariga elektr toki yordamida kuchlanish berilib, kislotali eritmalari bilan birga anod misi yuklandi. Keyingi kuni esa Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining birinchi sof katodli misi olindi.
Mis eritish zavodini qurish ishlari 1975 yil dekabrida to‘liq yakuniga yetkazildi, aynan shu yilning 30 dekabrida Sulfat kislotasi sexining SK-23 bo‘limi ishga tushirildi.
Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridanoq kombinat bosh metallurgiya korxonasini texnik va texnologik qayta qurollantirish hamda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirishga hukumatimiz tomonidan alohida e'tibor qaratila boshlandi. 1991 yil dekabrida Oltin va kumushni affinajlash sexi, 2001 yilda Kamyob metallar ishlab chiqarish sexining ishga tushishi mamlakatimiz rahbariyatining kombinat, xususan, Mis eritish zavodining iqtisodiy rivoji yo‘lidagi rahnamoligidan dalolat beradi.
Sulfidli, mis-molibdenli rudalarni qazib olish, transportirovkalash, boyitish, gidrometallurgiya, pirometallurgiya va elektroliz usullarida mahsulotlar olishga ixtisoslashgan kombinat mahsulotlari sifati, jahon bozorida unga bo‘lgan talabning yuqoriligi bilan ajralib turadi. Mis eritish zavodining ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va texnologik jarayonlari yakunida olinayotgan mahsulotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, korxonada yiliga 148 ming tonnadan ziyod katodli mis, bundan tashqari, oltin, kumush, texnik selen, texnik tellur, emallangan mis simlari, ammoniy perrenati, sulfat kislotasi, kuydirilgan molibden yarim tayyor mahsuloti ishlab chiqariladi. Uning asnosida atrof-muhitga chiqadigan gazlar miqdorini sezilarli darajada kamaytirish maqsadida so‘nggi yillarda asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturi doirasida diqqatga molik ishlar amalga oshirildi. Metallurgiya ishlab chiqarishlarining texnologik chiqindi gazlari Sul'fat kislotasi sexining 3- va 4-bo‘limlarida qabul qilinib, sulfat kislotasi olinishi yo‘lga qo‘yildi. Germaniyaning “Outotec GmbH” kompaniyasi loyihasi asosida 2014 yilda foydalanishga topshirilgan yangi Sulfat kislotasi sexi barqaror faoliyati va yuqori ish samaradorligi bilan ishonchni oqladi. Bu yo‘nalishdaga ishlar davom ettirilgan holda ishlab chiqarish quvvati yiliga 1 mln 300 ming tonnani tashkil qiladigan 5-sonli Sulfat kislotasi sexini qurishga kirishilmoqda. Tanlab olingan “Flash Smelting-Flash Converting” - muvozanatli eritish va muvozanatli konverterlash texnologiyasiga asoslangan yangi metallurgiya kompleksi qurilishining texnik-iqtisodiy asoslari bazaviy hujjatlarini ishlab chiqish “Metso Outotec” kompaniyasi tomonidan olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 29 sentyabrda Germaniyaga tashrifi doirasida Germaniyaning KfW-IPEX Bank bilan mazkur loyihani moliyalashtirish bo‘yicha $2,55 mlrd dollarlik shartnoma imzolandi.
Ishlab chiqarishning rejalashtirilgan ko‘rsatkichlariga erishish maqsadida asosiy metallurgiya agregatlarini ta'mirlash, asosiy va yordamchi uskunalar ishini yaxshilash hamda ularning ekspluatatsiya qilinishi muddatlarini oshirish yuzasidan ta'mirlar jadvallari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. “Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish quvvatlarini qayta jihozlash va barqarorlashtirish dasturi doirasida ko‘zda tutilgan loyihalar ayni kunlarda o‘zining yakuniy bosqichiga kirgan.
Hasan ABDULLAYEV