Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Har bir bayram arafasida kombinatda bir qator ijtimoiy obyektlar, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirish an'anaga aylangan. Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida ham Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasining 2-sonli temir yo‘l sexi “Svinsovaya” stansiyasi hududida yangi temiryo‘l bazasini foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.
Mazkur bazaning qurilish ishlari 2021-yilda boshlangan bo‘lib, qurilish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti hamda STTBning o‘z kuchlari tomonidan amalga oshirildi.
Baza zveno yig‘ish uchastkasi va avtomobilga yoqilg‘i quyish stansiyasi hamda yoqilg‘i moylash materiallari ombori, vagonlarni ta'mirlash punktini o‘z ichiga oladi.
4,47 gektar yer maydonida joylashgan bazada 1280 m uzunlikka ega temir yo‘l, 7 dona strelkali o‘tkazgichlar, 2 ta yopiq bino va ma'muriy maishiy binolar mavjud.
2-TYS boshlig‘i v.b. Bekzod Haydarovning ma'lum qilishicha, yangi barpo etilgan baza bir qator qulayliklarga ega. Jumladan, ilgari bu kabi eski baza hududida manyovr ishlarini olib borishda turli qiyinchiliklar yuzaga kelgan va birgina manyovr ishlarini bajarish uchun ko‘p vaqt talab etilgan. Yangi bazada esa teplovozlar osongina manyovr qilishadi va bu tabiiyki teplovozlardan unumli foydalanish va yoqilg‘i mahsulotlarini tejashga olib keladi. Masalan, yangi qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasiga keltirilayotgan texnologik uskunalar va yuklarni o‘z vaqtida manziliga yetkazishda bir qator qiyinchiliklar mavjud bo‘lgan. Buning sababi esa manyovr vaqtida teplovozlarning stansiya hududiga chiqishlari va bu bilan boshqa yo‘llarni berkitib qo‘yishi bilan bog‘liq edi. Yangi baza ushbu qiyinchiliklarni ham to‘laligicha bartaraf etadi. Bundan tashqari, vagonlarni ta'mirlash ishlarini amalga oshirish ham ushbu bazada juda qulay. Sababi, bu yerga 50 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega chorpoyali kran o‘rnatilgan va u yordamida vagonlarning og‘ir bo‘lgan katta hajmdagi ehtiyot qismlari va detallari osonlikcha almashtiriladi. Bu esa nafaqat ish sifati, sarflanadigan vaqtning tejalishi, balki ishchi-xodimlar uchun ham bir talay qulayliklar yaratadi. Ob-havoning sovuq kunlarida lokomotivlarni sovuq ta'siridan himoya qilish, ulardagi ehtiyot qismlar, ichki yonuv dvigatellarining nosoz holga kelishining oldini olish maqsadida bazada 2 ta yopiq boks ham barpo etilgan bo‘lib, ushbu binolar yiliga 50 tonna yoqilg‘i tejash imkonini ham beradi.
Shuningdek, baza hududidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi mavjudligi ham teplovoz, o‘zi yurar temir yo‘l texnikalari va temir yo‘l kranlarining yoqilg‘i bilan to‘ldirilishida ortiqcha vaqt sarflashni oldini oladi. Baza qurilishidan avval barcha yuqorida ko‘rsatilgan texnikalar STTB qoshidagi AYQShda yoqilg‘i bilan ta'minlanar edi va bu katta masofani bosib o‘tish, uzoq vaqt sarf qilish, texnologik sostavlar harakatiga to‘sqinlik qilish bilan noqulay edi. Shuni ta'kidlab o‘tish joyizki, temir yo‘l qurilishida foydalaniladigan temir yo‘l panjaralarini yig‘ish uchun ham bazada barcha shart-sharoitlar yo‘lga qo‘yilgan.
Bazada mehnat qiluvchi ishchi-xodimlar uchun ham barcha sharoitlarga ega ma'muriy-maishiy bino barpo etilib, unda oshxona, ish taqsimlash xonasi, yuvinish xonasi, dispetcherlik xonasi tashkil etilgan.
Mazkur obyektning foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga 768 mln so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishiladi. Obyektning qurilish ishlariga 29,3 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan.
Ma'lumot uchun: 2-sonli temiryo‘l sexi mehnat jamoasi Sariq Cho‘qqi konidan 1- va 2-sonli mis boyitish fabrikalariga tog‘ ma'danlarni tashish ishlarini amalga oshiradi. Bundan tashqari, kombinatga va Olmaliq shahridagi xususiy tadbirkorlar uchun keladigan xo‘jalik yuklarini ham aynan shu sex mehnat jamoasi yetkazib beradi. Kombinatning tayyor mahsulotlarini eksport qilish va yurtimizning boshqa viloyatlariga tashishda ham ushbu sex mas'ul hisoblanadi.
2-sonli temir yo‘l sexi tomonidan tog‘ ma'danlarini tashish ko‘rsatkichlari yil boshidan buyon barcha yo‘nalishlar bo‘yicha rejadagi 4 351 000 tonna o‘rniga 4 403 375 tonnani tashkil etib, prognoz 101,2%ga bajarilgan. Sexda ishlab chiqarish tannarxini tushirish borasida samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, yil boshidan buyon 297,5 tonna yoqilg‘i tejaldi. Shuningdek, yoqilg‘ini iqtisod qilish bo‘yicha tuzilgan tashkiliy-texnik chora-tadbirlar hisobiga rejalashtirilgan 132,7 tonna yoqilg‘i iqtisodi o‘rniga 297,5 yoqilg‘i tejalib, prognoz 224,2%ga bajarildi.
Sexda raqamlashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldik. Sexning yuk xizmatida “Yagona darcha” tamoyili asosida yuk egalariga yuk tashish jarayonida xizmat ko‘rsatish elektron tarzda taqdim etilmoqda. Ushbu jarayonni afzalliklari shundaki, tashiladigan yuklar va harakatdagi vagonlarning tashish hujjatlari masofadan turib amalga oshiriladi. Bundan tashqari, vagonlarning holati, ularning ta'mirga bo‘lgan talabi, ta'mir muddatlari va boshqalar ham aynan shu elektron dastur yordamida amalga oshirilib, bu o‘z-o‘zidan ortiqcha ovoragarchilikni bartaraf etib, hujjatlarning rasmiylashtirilishini tezlashtiradi. Yuklarning tez va o‘z vaqtida belgilangan manzillarga yetkazilishini ta'minlab, behuda vaqt sarfiga batamom barham beradi.
Sherzod Tilovberdiyev