"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 333-Mis boyitish fabrikasining uzluksiz, tizimli va barqaror faoliyat yuritishini ta'minlash maqsadida, zamonaviy texnologik va muhandislik yechimlarini o'z ichiga olgan Avtomobil yoqilg'i quyish majmuasi va yoqilg'i-moylash materiallari saqlash omborini barpo etish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu majmualar foydalanishga topshiriladi.
Mazkur yangi majmualar fabrika ishlab chiqarish maydonlaridagi texnologik jihozlar, texnikalari va maxsus avtotransport vositalarini zarur yoqilg'i hamda turli texnik moylar bilan o'z vaqtida, xavfsiz va uzluksiz ta'minlashga xizmat qiladi.
Muhim infratuzilma obyekti hisoblangan ushbu majmualar hududida bir nechta texnologik inshootlar va maxsus maydonchalar qad rostlamoqda. Xususan, temir yo'l orqali keluvchi yoqilg'ini qabul qilish estakadasida qurilish ishlari yakunlanib, u temir yo'l sisternalaridan dizel yonilg'isini xavfsiz hamda tezkorlik bilan to'kib olishga mo'ljallangan. Mazkur maydoncha bir vaqtning o'zida USN-150 rusumli ikkita pastki to'kish qurilmasi va mustahkam metall estakada bilan jihozlangan. Buning yonida joylashgan avtosisternalar maydonchasi esa dizel va benzin yonilg'ilarini avtomobillardan asosiy rezervuarlar parkiga quyish imkonini beradi.
Loyihaning markaziy qismidan joy olgan rezervuarlar parkida yonilg'i mahsulotlarini sifatli va qat'iy standartlar asosida saqlash maqsadida, maxsus soyabon va mustahkam himoya to'siqlari bilan o'ralgan maydon qurilishi davom etmoqda. Bu yerda dizel yonilg'isini saqlash uchun har birining hajmi 75 kub metr bo'lgan 3 ta yer usti gorizontal po'lat rezervuari (RGSn-75) hamda benzin uchun 1 ta 5 kub metr sig'imli (RGSn-5) rezervuar o'rnatilgan. Sanoat xavfsizligi va ekologik talablarga ko'ra, to'kish maydonchalarida kuzatilishi mumkin bo'lgan kutilmagan to'kilishlarni bartaraf etish va yig'ish uchun hajmi 30 kub metr bo'lgan maxsus yer osti avariyaviy rezervuari ham to'liq barpo etilgan.
Korxona avtotransport vositalarini tezkor va xavfsiz yoqilg'i bilan ta'minlash maqsadida ikki tomonlama yaqinlashish imkoniyatiga ega avtoyonilg'i quyish stansiyasi qurib bitkazildi. Ushbu stansiya hududida «Nara-7121» markali uchta yuqori aniqlikda ishlovchi ikki yengli yonilg'i tarqatish kolonkalari joylashtirilib, ularning ikkitasi dizel, bittasi esa benzinini tarqatishga ixtisoslashtirilgan.
Shuningdek, fabrika uskunalari uchun zarur bo'lgan texnik moylarni saqlash maqsadida alohida ixtisoslashtirilgan moylar ombori binosi bunyod etilmoqda. Ushbu bino ichida transformator, transmission, industrial va avtomobil moylarining har bir turi uchun maxsus hajmi 20 kub metrli 4 ta po'lat rezervuar o'rnatilgan bo'lib, ularni xavfsiz haydash va taqsimlash uchun NMSH rusumli to'rtta yuqori quvvatli shesternyali nasoslar hamda mobil yonilg'i tarqatish kolonkalari bilan ta'minlangan. Moylarni bochkalarda saqlash va ularni ikkinchi yarusga taxlash uchun yuk ko'tarish quvvati 1000 kilogramm bo'lgan gidravlik shtabelyorlardan foydalanilmoqda.
Ombor majmuasini boshqarish va ishchi-xodimlarning shinam muhitda faoliyat yuritishlari uchun zamonaviy modulli ma'muriy bino ham barpo etilmoqda.
Ayni paytda obyekt hududida keng ko'lamli obodonlashtirish ishlari olib borilib, barcha qurilish-montaj jarayonlari qat'iy ekologik standartlar va yong'in xavfsizligi talablariga muvofiq ravishda, yuqori sifat bilan bajarilmoqda.
Mazkur zamonaviy va avtomatlashtirilgan majmualarning ishga tushirilishi 3-Mis boyitish fabrikasining ishlab chiqarish quvvatlarini zarur energiya resurslari bilan kafolatli ta'minlashga xizmat qiladi.
Axborot xizmati