• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi nimstansiya qurilishi davom etmoqda

10 Yanvar 2022, 10:51 1713

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi «Yoshlik I» koni negizida «Olmaliq KMK» AJning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2807-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida kombinatda zamonaviy 550/110/10kV kuchlanishli «Texnologik»(Tukket) pasaytirib beruvchi elektr nimstansiyasi barpo etilmoqda. Mazkur nimstansiya 3-Mis boyitish fabrikasini elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida qurilayapti.

Elektr tarmoqlari boshqarmasi nimstansiyalar tarmog‘i sexi elektr uchastkasi boshlig‘i Oleg Kuznetsovning ma'lumotiga ko‘ra,  ayni kunlarda mazkur nimstansiyaning qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Loyihalash va tadqiqot ishlari 2022-yilni yanvar oyi oxirigacha to‘liq yakunlanishi kutilmoqda. Umuman olganda, loyihalash ishlari 90 foizga bajarildi.

Loyihaning asosiy uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzildi. Jumladan, Ispaniyaning "Faramax" quvvatli avtotransformatorlar olinib, poydevorga o‘rnatildi. Germaniyaning Siemens  kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan rele himoyasi uchun mikroprosessorlar olib kelindi. Dispetcherlik nazorat va ma'lumotlarni yig‘ish  uchun SCADA tizimi o‘rnatiladi. ORU 500 / 110kV  ochiq taqsimlash qurilmalari uchun Shvetsiyaning ABB  elegaz o‘chirgichlari olib kelindi.

Ayni paytda 500 kV kuchlanishli havo liniyasi (kirish-chiqish)ni qurish bo‘yicha ishlar boshlangan bo‘lib, 7-dan 20-gacha bo‘lgan piketlardagi tayanchlar uchun poydevorlar to‘liq o‘rnatildi. Shuningdek, 220 kV kuchlanishli havo liniyasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 7 ta komplekt o‘rnatildi. 7 dona miqdorida 220 kV kuchlanishli havo liniyasining L-20Ks liniyasini rekonstruksiya qilish uchun tayanchlarni o‘rnatish ishlari tugallandi. 20 ta tayanch va 500 kV kuchlanishli havo liniyasini izoliyasiyalash materiallari va 2 km kabel o‘rnatiladi.

Transformator uchastkasida jihozlar uchun poydevor quyish ishlari to‘liq yakunlanib, hozirda yog‘ drenaji o‘rnatilmoqda. ORU-500 ochiq taqsimlash qurilmasida portallar uchun poydevor quyish va portallarning o‘zini o‘rnatish ishlari yakunlandi. Uskunalar uchun tayyor temir-beton poydevorlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. ORU-110 ochiq taqsimlash qurilmasi poydevorlari o‘rnatilmoqda, moy kollektorining monolit poydevori quyilayapti.

Nimstansiyaning transformator uzeli kuchlanishli transformatorlar uchastkasida qurilish-montaj ishlari davom etayapti.

Nimstansiyaning ORU-110kV ochiq taqsimlash qurilmasi uchun portal metallkonstruksiyalar o‘rnatish uchun temir-beton poydevorlarni montaj qilish ishlari bajarilayapti. 500 kV kuchlanishli elektruzatish liniyalari uchun tayanchlar yig‘ilmoqda.

2021-yilning dekabr oyida nimstansiyaning bino va inshootlarini qurish ishlari boshlab yuborildi. Tezkor boshqaruv punkti hamda yordamchi ahamiyatga ega bo‘lgan bino shular jumlasidan. Bundan tashqari, nimstansiyaning elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun foto elektr stansiyasi ham barpo etilmoqda.

Bugungi kunga kelib, 500/110/10 kV loyihaviy quvvati 650 MVt bo‘lgan "Texnologik" ("Tukket") nimstansiyasi qurilishiga JSC «O’zelektroapparat-Electroshield»  pudrat tashkilotining yuzga yaqin ishchi-xodimi, maxsus qurilish va avtotexnikalari, harakatlanuvchi yuk ko‘tarish mexanizmlari jalb etilgan.

«Texnologik»(“Tukket”) nimstansiyasi 2023-yilning 1-choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, qurilish ishlarining jadallik bilan olib borilishi natijasida 2022-yilning oxiriga mazkur ob'yekt foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Nimstansiyani qurish ishlari 2021-yilning mart oyidan boshlangan. Ushbu loyihani amalga oshirish doirasida yangi nimstansiyani qurish ishlariga bosh pudratchi tashkiloti sifatida EPC - tayyor holda topshirish sharti bilan JSC «Oʻzelektroapparat-Electroshield» kompaniyasi jalb etilgan.

Mazkur zamonaviy nimstansiya ishga tushishi bilan  yangi istiqbolli kon sifatida e'tirof etilayotgan “Yoshlik-1” koni OKMK elektr tarmoqlariga ulanib, shuningdek hozirda foydalanib kelinayotgan kombinat nimstansiyalarining yuklamasi qisman kamayadi.

Sherzod Tilovberdiyev,

Veb-muharrir

Bo`lishmoq:
Text to speech