Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi O‘zbekiston universiteti talabalari va o‘qituvchilari OKMKda bo‘lishdi

18 Aprel 2025, 13:1 1434

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xorij va mamlakatimizdagi ko‘plab oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatib kelmoqda. Jumladan, joriy yilda OKMK va Yangi O‘zbekiston universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, hamkorlik doirasida 17-aprel kuni oliygoh talabalari va professor o‘qituvchilari uchun kombinatga sanoat ekskursiyasi tashkil etildi.

Sanoat ekskursiyasi dunyodagi eng yirik konlardan biri bo‘lgan Qalmoqqir konidan boshlandi. OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov kondagi texnologik ishlab chiqarish jarayoni hamda kombinat faoliyati bilan talabalarni to‘liq tanishtirib o‘tdi. Hozirgi kunda kombinat ishlab chiqarish prognozlarini bajarish barobarida investitsiya loyihalarini ham jadal sur'atlarda amalga oshirib kelmoqda,- deydi A.Xursanov. -“Yoshlik-1” konini ozlashtirish investitsiyaviy loyihasi doirasidaYoshlik-1” koni, 3-Mis boyitish fabrikasi va uning infratuzilmalari barpo etilmoqda. Bugun kombinatda amalga oshirilayotgan ishlarni dunyoning yetakchi kompaniyalari katta qiziqish bilan kuzatishmoqda. O‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish borasida bizga takliflar berishayapti. Kombinatda amalga oshirilayotgan megaloyihalarni hayotga tatbiq etishda albatta siz kabi yosh mutaxassislarga tayanamiz. Oliygohda zarur bo‘lgan zamonaviy bilimlarni egallang.

Shundan so‘ng, mehmonlar “Yoshlik-1” konida amalga oshirilayotgan ishlar hamda Texnologik transport boshqarmasidagi ta’mir, raqamlashtirish va ishchi-xodimlarni oʻqitish jarayonlari bilan tanishishdi.

Kunning ikkinchi yarmida MTTU MISiS Olmaliq filiali, Yangi O‘zbekiston universiteti talabalari va professor o‘qituvchilari, kombinat mutaxassislari, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali talabalari uchun seminar tashkil etildi.

Seminarda Yangi O‘zbekiston universiteti professor o‘qituvchisi Bugra Chashkurlu sun'iy intellekt texnologiyalarining afzallik jihatlari, ayniqsa uni sanoatda qo‘llanilishi borasida ma'ruza qildi.

Tadbir davomida OKMK Raqamlashtirish departamenti direktori v.b. Aziz Rozikulov kombinatda raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma'lumot berib o‘tdi.

Mehmonlarning navbatdagi manzili yiliga 60 mln tonna ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan 3-Mis boyitish fabrikasi bo‘ldi. Mutaxassislar tomonidan talabalar va professor o‘qituvchilarga fabrikaning ishlab chiqarish quvvati, qo‘llanilayotgan texnologiyalar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Germaniyaning “Aurubis” kompaniyasining o‘quv markazi namunasi asosida, zamonaviy ta'lim texnologiyalarini qo‘llagan holda faoliyat olib borayotgan Muhandislik maktabi talabalarni hayratga soldi. Talabalar mazkur maktabda tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Talabalar tomonidan muhandislik maktabida ular uchun o‘quv kurslarini ham tashkil etish bo‘yicha takliflar ham bildirildi.

Sanoat ekskursiyasi davomida Yangi O‘zbekiston universiteti talabalari va professor o‘qituvchilari kombinat haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishdi.

Ma'lumot uchun: “Yangi O‘zbekiston” universiteti Myunxen Texnika Universiteti (Germaniya), Massachusets Texnologiya instituti (AQSh) kabi nufuzli oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi.

Mazkur oliygohda AQSh, Germaniya, Misr, Hindiston va Eron kabi davlatlardan kelgan professor-o‘qituvchilar dars berishadi. Bu yerda talabalar ilk o‘quv yilidanoq AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yirik korxonalari va laboratoriyalarida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech