Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizning mis sanoatidan olgan daromadi ayni paytda 2,5 milliard dollarni tashkil etadi. Mis ishlab chiqarishni 500 ming tonnagacha oshirish bilan bu ko‘rsatkich turdosh tarmoqlarni hisobga olgan holda 2030-yilga qadar 7-8 milliard dollarga yetishi nazarda tutilmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2020-yil 26-maydagi “Olmaliq KMK” AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarixida yangi taraqqiyot davrini boshlab berdi.
Yangi metallurgiya kompleksi va 3-Mis boyitish fabrikasi, keyinchalik 4- hamda 5-Mis boyitish fabrikalarini barpo etish orqali mis, oltin, kumush va boshqa nodir metallar ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirish mazkur hujjatda belgilab berilgan. Ushbu loyihalar ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Jumladan, birinchi bosqichda - 2021-2025 yillarda 300 ming tonna mis, 38 tonna oltin va 203 tonna kumush, ikkinchi bosqichda - 2024-2030 yillarda 500 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 300 tonna kumush ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
OKMKning asosiy metallurgiya korxonasi hisoblanuvchi Mis eritish zavodida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizasiya qilish, asosiy ishlab chiqarish sexlarini texnik va texnologik qayta jihozlash, ularning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar ana shu maqsadlarga hamohangligi bilan ahamiyatlidir.
Asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar atrof-muhitga chiqarilayotgan chiqindi gazlar miqdorini sezilarli darajada kamaytirishga ham qaratilgan. Bunga misol tariqasida metallurgiya ishlab chiqarishlarining texnologik chiqindi gazlari Sul'fat kislotasi sexining 3- va 4-bo‘limlarida qabul qilinib, sul'fat kislotasi olinishining yo‘lga qo‘yilganini keltirib o‘tish mumkin. Germaniyaning “Outotec GmbH” kompaniyasi loyihasi asosida 2014-yilda foydalanishga topshirilgan yangi Sulfat kislotasi sexi barqaror faoliyati va yuqori ish samaradorligi bilan ishonchni oqladi. Bu yo‘nalishda ishlarni davom ettirgan holda 2025-yildan boshlab ishlab chiqarish quvvati yiliga 1 mln 300 ming tonnani tashkil qiladigan 5-sonli Sulfat kislotasi sexini qurishga kirishilmoqda. Shu o‘rinda molibden oksidi va perrenat ammoniysini olishga ixtisoslashgan Kamyob metallar olish sexida olib borilayotgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tish lozim bo‘ladi.
2000-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan sexda molibden tayyor mahsulotini gorizontal pechlarda kuydirishga xizmat qiluvchi pechlar soni yildan-yilga oshirib borilayapti.
Bundan bir oy muqaddam 5-pech foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, navbatdagi 6-pechda ham qurilish-montaj ishlari yakunlanish arafasida turibdi. 600-6500 C haroratda donabaylangan molibden yarim tayyor mahsulotlari kuydirilishi kechadigan yangi pech ishga tushirilishi bilan KMICh sexining ish quvvatlari yiliga 4000 tonnaga chiqariladi.
Havo taqsimlash sexi MEZning eng yirik va muhim yordamchi sexlari sirasiga kiradi. Sex ishlab chiqarish tizimi o‘z ichiga havo taqsimlash bloklari bo‘limi, kislorodni kompressorlash, ballonlarni to‘ldirish va resepient stansiyasi bo‘limlari, aylanma suv hamda havoni quvurlar orqali haydash stansiyalarini o‘z ichiga olgan. Atmosferadan olingan havo sovutilishi hisobiga texnik va texnologik kislorod, suyultirilgan azot va kriogen suyuqliklar tayyorlanib, iste'molchilarga yetkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda “Mis eritish zavodi quvur havo puflantirish stansiyasini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasi doirasida uchta yangi zamonaviy “HANWHA SE-65A” rusumli bosimni oshirib beruvchi uskunalar ishga tushirildi. Shu kunlarda kislorod ballonlarni to‘ldirish va resepient stansiyasi bo‘limi uchun yangi ishlab chiqarish uchastkasini qayta jihozlash ishlari keng miqyosda olib borilmoqda. Bo‘sh va to‘ldirilgan ballonlarni tushirib olish va yuklab jo‘natilishi uchun peshayvon qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Uchastka yangi manzilda ish boshlashi hisobiga yiliga 3 960 ming m3 hajmda texnik kislorodni ballonlarda iste'molchilarga jo‘natish imkoniyati yaratiladi. Bu bir ish smenasida 500 dan ziyod kislorod ballonlari to‘ldirib berilishini anglatadi. Bundan tashqari, sexning yangi 6-havo taqsimlash blogini qurish yo‘nalishida ham loyiha- smeta hujjatlari ishlab chiqilib, yangi blok uchun qurilish maydoni tayyorlanmoqda. Mazkur loyiha to‘liq amalga oshirilishi bilan sexning gazsimon kislorod ishlab chiqarish bo‘yicha quvati 40000 m3 soatga yetkazilishi kutilmoqda. Shuningdek, yuqori tozalikdagi mis va unga yo‘ldosh bo‘lgan kamyob va nodir metallar olinishi amalga oshiriladigan, ish quvvati yiliga 300 ming tonnadan 400 ming tonnagacha mis katodlarini ishlab chiqaradigan yangi Misni elektroliz qilish sexi qurilishi uchun MEQSning eski ishlab chiqarish bo‘g‘inlaridan birini demontaj qilish ishlari boshlab yuborildi.
Investisiyaviy dasturlar va loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar barcha ishlab chiqarish bashorat ko‘rsatkichlari bajarilishini ta'minlash bilan birga iqtisodiy rivojlanishga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Islom UMARALIYEV,
MEZ bosh muhandisi