Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Qurilish jarayonlarida asosiy material hisoblangan ohakning sanoat sohasida ham o‘rni bor. Xususan, ma'danlarni boyitishda muhim reagent hisoblanadi. OKMK boyitish fabrikalarida ham uni keng qo‘llashadi. Shuningdek, Rux va Mis eritish zavodlarida sulfat kislota ishlab chiqarishda neytralashtirish uchun ohakdan foydalaniladi.
Bir so‘z bilan aytganda Ohak zavodi kombinatning bo‘linmalariga eng kerakli bo‘lgan mahsulotni yetkazib beradi.
Kombinatda ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi natijasida ohakka bo‘lgan ehtiyoj ham kundan kunga oshib borayapti. Ushbu omillarni hisobga olgan holda hozirda zavodda quvurli aylanma pechining 2-navbati barpo etilmoqda.
Pech qurilish ishlari Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasining 8-bo‘linmasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bo‘linma rahbari Abduqodir Mirahmedovning ta'kidlashicha, pechning uzunligi 65 m.ni diametri 3600 mm.ni tashkil etadi. Ayni paytda bo‘linma ishchi-xodimlari tomonidan pechning qismlarini yig‘ish ishlari amalga oshirilmoqda. Pechda ohaktoshni kuydirish jarayonidan so‘ng, sovutish qismiga tushib, sovitiladi. Bo‘linma ishchi-xodimlari ushbu qismlarni ham yig‘ish ishlarini bajarishmoqda. Shuningdek, ohak tayyorlash jarayonida tabiiyki ohak changlari hosil bo‘ladi. Ushbu changlarni ushlab qolib, bunkerga tashlab berish uchun esa siklonlardan foydalaniladi. Pechning siklonlari ulanadigan joylari ham bo‘linma ishchilari tomonidan bir-biriga biriktirib chiqilmoqda.
E'tiborlisi, ushbu pechning barcha detallari Mahalliylashtirish dasturi asosida Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida tayyorlandi.
Bugungi hisob-kitoblarga ko‘ra, kombinatda ohakka bo‘lgan ehtiyoji sutkasiga 360 tonnani tashkil etidi. Mazkur pech ishga tushirilishi bilan kunlik quvvat 480-500 tonnaga yetkaziladi va ehtiyoj to‘liq qondiriladi.
Ma'lumot o‘rnida Yangi qurilayotgan aylanuvchi gorizontal baraban pechi to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib uning iqtisodiy samaradorligi yuqori sanaladi.
Ushbu pech soatiga 10 tonna sutkasiga esa 240 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
Gaz va elektr energiyasi sarfi ham to‘liq nazoratda bo‘lib, mahsulot sifati yuqori bo‘lishini ta'minlaydi. Mazkur pech jarayonda hosil bo‘ladigan changni ushlab qoluvchi zamonaviy aspiratsion tizimlar bilan jihozlanadi.
“Olmaliqmetallurgqurilish” tresti va Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi hamkorligida pech uchun 13,9 km uzunlikda yuqori bosimda ishlovchi gaz quvurlari tortildi.
Hozirda pech o‘rnatiladigan joyda yer va kotlovan qazish ishlarini “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti amalga oshirmoqda.
Mazkur texnologik uskuna yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
Sherzod Tilovberdiyev